3-aprel kuni Toshkent shahri hokimi lavozimiga tayinlangan Shavkat Umurzoqov (bungacha hokim vazifasini bajaruvchi edi) oradan ikki kun o‘tib, ishchi guruh bilan birga butun poytaxt tumanlari bo‘ylab aylanishni boshladi. “Gazeta.uz” shahar hokimligi matbuot xizmati ulashgan ma’lumotlar asosida 4 kunlik ish jarayonida olingan surat va videolarni bir sahifaga jamladi.

Hokim bu jarayonni 5-aprel kuni Olmazor tumanidan boshladi. U shahardagi sektorlar rahbarlari va hokim o‘rinbosarlari bilan birga Mustaqil yurt mahallasida bo‘lib, hududni o‘rgandi. Mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi murojaatlari bilan ishlash va boshqa yo‘nalishdagi ishlar ko‘rib chiqilib, muhokama etildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi. Mahallani “Obod mahalla” tamoyili asosida rekonstruksiya qilib, “yagona usul” (yediniy kod) tizimiga moslashtirish reja qilindi.

6-aprel kuni shahar hokimi Bektemir tumanidagi Oltintopgan mahallasiga bordi. Yig‘ilish o‘tkazib, shahar va tuman mas’ullarini tanqid qildi. Mavjud kamchilik va muammolar muhokama etildi. Yakunda hokim borgan mahalla ham “Obod mahalla” tamoyili asosida rekonstruksiya qilinib, “yagona usul” tizimiga moslashtirilishi aytildi.

Shundan so‘ng ishchi guruh Mirobod tumanining Yangi Qo‘yliq mahallasini o‘rganib chiqdi. Tashrif vaqtidagi yig‘ilishda mahallalarda jalb etuvchi nuqta, yoshlar va nuroniylar uchun qulay va munosib maskan mavjud bo‘lishi shartligi qayd etildi.

“Shahar hokimi shuncha rahbarlar bilan nega kelibdi, degan fikrni insonlarimizga yetkazinglar. Biz bu yerga fuqarolarimizning sharoitini yaxshilash uchun keldik. Har bitta xonadon egalari chiqib, dam olib o‘tiradigan joyi bo‘lsa, farzandi yaxshi ta’lim olayotgan bo‘lsa, sog‘liqni saqlash tizimi yaxshi xizmat ko‘rsatsa, o‘shanda xursand bo‘lamiz”, — dedi hokim.

Yashnobod tumaniga tashrif davomida Bog‘bon mahalla guzarida Jarboshi hamda Bog‘bon mahallalarining ijtimoiy infratuzilmasi, yo‘llari, aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar tanqidiy jihatdan o‘rganildi. Shu jumladan, MFYlar uchun barcha sharoitlarga ega ma’muriy binolarni qurish zarurati aytib o‘tildi.

Kun Mirzo Ulug‘bek tumanining Alisherobod mahallasida bo‘lib o‘tgan o‘rganish ishlari bilan yakunlandi. Tumanda o‘tgan yig‘ilishda Shavkat Umurzoqov Toshkentda mahallalar faoliyatining yagona mexanizmi joriy etilayotganini aytib o‘tdi.

8-aprel kuni poytaxt hokimi Yangihayot, Sergeli, Chilonzor va Uchtepa tumanlarining “qizil toifa”ga kiritilgan mahallalarida bo‘ldi.

Tonggi tashrif Yangihayot tumanidan boshlandi. Unda Toshkent va Xo‘ja Uchqun mahallalarining holati o‘rganildi. Mahallalarni rivojlantirishda “yettilik” zimmasiga mas’uliyat yuklatildi. Hokim hamkasblari va tuman aholisi bilan birga “Yashil makon” loyihasi joirasida manzarali ko‘chatlar ekdi.

тошкент, шавкат uмuрзоқов, shahar hokimi

So‘ng hokim yana bir “qizil toifa”ga kiritilgan Sergeli tumanidagi Nur-Hayot mahallasiga tashrif buyurdi. Yig‘ilishda yagona konseptual yondashuv asosida ko‘p qavatli avtoturargohlarni samarali tashkil etish orqali “Avtomobilsiz hovli” konsepsiyasiga amal qilish zarurligi qayd etildi. Tuman hokimi mahallani rivojlantirish bo‘yicha takliflarni taqdim qildi. Shavkat Umurzoqov taqdimotda harakatlanishi cheklangan fuqarolar va nogironligi bor shaxslar uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilmaganiga e’tibor qaratdi. Mahallada 50 nafar ishsiz fuqaro borligi tanqidiy o‘rganilib, ularni ish bilan ta’minlashga ustuvor ahamiyat berildi. Mahalla oqsoqollari shifoxona yo‘qligi masalasini ko‘tardi. Bu borada mas’ullarga muammoni atroflicha o‘rganib, takliflar tayyorlash topshirildi.

тошкент, шавкат uмuрзоқов, shahar hokimi

тошкент, шавкат uмuрзоқов, shahar hokimi

Chilonzor tumanidagi Ko‘tarma mahallasiga borgan Shavkat Umurzoqovga mahallani “qizil toifa”dan chiqarish bo‘yicha yo‘l xaritasi taqdim etildi. Mazkur tuman va mahallada aholi zich joylashgan, ko‘p qavatli uylar ko‘pligi sabab tezkor xizmatlarning kirishi imkoni, bolalar va piyodalar xavfsizligini ta’minlash masalasi boshqa joylardan ko‘ra keskinroq. Hokim bu hududda ham “Avtomobilsiz hovli” konsepsiyasini amalga oshirishni ta’kidladi.

Kunlik tashrif Uchtepa tumanida yakunlanib, Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi ishchi guruh tumandagi Farhod mahallasi bo‘ldi. 63 gektar bo‘lgan bu mahallada 2522 oila yashaydi. Unda ijtimoiy soha obyektlari yetishmaydi. Shuningdek, yoshlar va keksa avlod vakillarining faol, sog‘lom vaqt o‘tkazishi uchun hech qanday joy yo‘q. Mahallada ko‘p qavatli avtoturargoh ham qurish kerak.

Hokim yoshlar uchun kutubxona tashkil etish doirasida uni book cafe formatida qilish zarurligini ta’kidladi, shunda o‘quvchilar va talabalar nafaqat kitoblarni olib ketishlari, balki ularni joyida — shinam va sokin muhitda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lishlari zarurligini aytdi.

Tumanlarga tashrif 9-aprel kuni nihoyasiga yetdi. Toshkent shahri hokimi mutasaddilar bilan birga Yunusobod, Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarini aylandi.

Tashrif davomida hokim Yunusobod tumanidagi “qizil toifa”ga kiritilgan Shoshtepa va Akbarobod mahallalarining holatini ko‘zdan kechirdi. Mahallada aholi bandligi darajasi pastligi, bu borada tezkor choralar ko‘rish zarurligi aytildi. Noqonuniy qurilishlarga chek qo‘yilgani ortidan mahallada kattalar va bolalar uchun qulayliklar yaratish uchun qo‘shimcha maydon ochildi. Shuningdek, elektr transport vositalarining soni ko‘payayotgani sababli har bir mahalla hududida elektr transport vositalarini quvvatlantirish shoxobchalarini tashkil etish zarurligi aytildi.

Yakkasaroy tumanining Bobur mahallasidagi holat o‘rganilganda mahallaning asl nazoratini fuqarolar qo‘liga topshirib, uning hududida doimiy daromad keltiruvchi obyektlarni tashkil qilish ehtiyoji ta’kidlandi. Ko‘chaboshi, uyboshi, yo‘lakboshi kabi an’anani jonlantirish, ularning zimmasiga ijara uylarida yashaydigan aholining ro‘yxatini tuzib borish, BSKlar yordamida hamda aholini jalb qilgan holda uylar atrofini obodonlashtirish yuklatilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu mahallada ham “Avtomobilsiz hovli” konsepsiyasini bajarish uchun ko‘p qavatli turargoh qurish zarurligi qayd etildi.

тошкент, шавкат uмuрзоқов, shahar hokimi

Bundan tashqari, u Shayxontohur tumanining Yangi Kamolon mahallasida ham mutasaddilar va aholi bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

тошкент, шавкат uмuрзоқов, shahar hokimi

Shavkat Umurzoqov bundan bir yil avval — 2023-yilning martida poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi. Bunga qadar U 2018-yilning iyun oyidan buyon “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.

“Gazeta.uz” avvalroq poytaxtdagi aholi orasida so‘rovnoma o‘tkazib, ulardan shahar hokimini tanish yoki tanimasligi, shuningdek, undan nimalar kutayotganini so‘ragandi.