Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) G‘azo sektori janubidan barcha quruqlikdagi qo‘shinlarini olib chiqib ketdi va u yerda faqat bitta brigadasini qoldirdi, deb xabar bermoqda Times of Israel nashri.

98-diviziya qo‘shinlari Xon-Yunis shahridagi to‘rt oylik harbiy amaliyotlardan so‘ng hududni tark etdi. Hozir G‘azo janubida faqat “Nahal” piyodalar brigadasi qolgan, deb yozadi nashr. Unga anklavning shimoliy va janubiy qismlarini ajratib turuvchi “Netsarim koridori” xavfsizligini ta’minlash vazifasi yuklangan. Bu SAXALga hududning shimoliy va markaziy qismlarida reydlar o‘tkazish imkonini beradi va falastinlik qochqinlarning shimolga qaytishiga yo‘l qo‘ymaydi.

SAXALning ta’kidlashicha, Xon-Yunis hujumidan ko‘zlangan maqsadlarga erishilgan va endi askarlarga tiklanish uchun vaqt kerak bo‘ladi.

Qo‘shinlarning Xon-Yunisdan olib chiqilishi Isroilning Rafahga rejalashtirilgan hujumiga ta’sir qilmaydi, deb ta’kidlaydi Times of Israel. Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant harbiylar endi 1,4 million falastinlik qochqinlarga boshpana bo‘layotgan Misr bilan chegaradosh shahar — “Rafah hududidagi missiyaga” tayyorlanishini tasdiqladi. Qochqinlarning aksariyati sektorning shimoliy tumanlaridan kelgan.

Xalqaro tashkilotlar va bir qator davlatlar, jumladan, AQSh Isroilning aholi ko‘p bo‘lgan shahardagi harbiy harakatlariga qarshi chiqdi va tinch aholi qurbon bo‘lishidan xavfsirayotganini bildirdi. Isroil esa HAMASning qolgan batalonlarini yo‘q qilish uchun Rafahda quruqlikdan operatsiya o‘tkazishi kerakligini ta’kidlamoqda.

“G‘azoda urush davom etmoqda va biz uni to‘xtatishdan yiroqmiz, — dedi SAXAL bosh shtab boshlig‘i Gersi Halevi. — Biz G‘azo sektorining hech qaysi qismida faol HAMAS brigadalarini qoldirmaymiz. Bizning rejalarimiz bor va qaror qabul qilganimizda harakatlanishni boshlaymiz”.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu avvalroq bir necha bor Rafahdagi operatsiyani o‘tkazish bo‘yicha harbiy rejalarni ma’qullaganini, biroq ularga hali yashil chiroq yoqmaganini ta’kidlagan edi, deya aniqlik kiritdi Times of Israel. U Isroil hukumati hujum boshlashdan oldin tinch aholini evakuatsiya qilishiga ishontirgan.

Reuters agentligining ta’kidlashicha, qo‘shinlarning olib chiqilishi HAMAS asirligida qolgan isroillik garovga olinganlarni ozod qilish to‘g‘risida kelishuvga erishish bo‘yicha Misrdagi muzokaralarning yangi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani va o‘t ochishni to‘xtatishga erishilgani fonida sodir bo‘ldi. Kelishuv yanvar oyidan beri muhokama qilinmoqda, biroq tomonlar hali kelishuvga erishmadi.

  • O‘tgan hafta Isroil G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazilishi uchun yangi yo‘nalishlar, jumladan, HAMAS bilan urush boshlanganidan beri yopiq bo‘lgan anklav shimolidagi “Erez” nazorat-o‘tkazish punktini ochishini ma’lum qildi. OAV bu AQSh bosimi ostida amalga oshirilganini yozdi. Prezident Jo Bayden Netanyaxuni Isroil anklavdagi gumanitar inqirozni hal qilish uchun choralar ko‘rmasa, AQShning G‘azodagi urush bo‘yicha siyosati o‘zgarishi mumkinligidan ogohlantirdi.