Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiga kiruvchi misni boyitish fabrikasi (3-MBF) qurilishida ish haqi to‘lanmayotgani sababli Enter Engineering korxonasida norozilik namoyishi bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.

“Gazeta.uz”ga ham ko‘plab ishchilar ko‘chada to‘planib, ish haqi kechikayotganidan norozi ekanini bildirgan video kelib tushdi. Tahririyatga yuborilgan xabarda ishchilar yanvar, fevral va mart oylari uchun maosh talab qilgani aytiladi.

Enter Engineering vaziyatga izoh berdi.

“Xodimlarning ish haqi bevosita buyurtmachi oldida bajarilgan ish hajmini muvaffaqiyatli asoslab berilishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Shunga ko‘ra, hozirgi kunda xodimlarning fevral oyi uchun maoshlari to‘liq to‘lab berilgan”, — deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, ayni vaqtda mart oyi uchun hajmlarni asoslash jarayoni ketmoqda, ularning yakuniga ko‘ra, butun ish haqi to‘lab beriladi.

“Shunday tartib borki, unga ko‘ra, avvaliga qurilish obyektlarida oldingi oyda bajarilgan ishlar hajmi buyurtmachi oldida himoyalanishi kerak. Aynan himoya qilingan hajmlar ish haqini baholash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. So‘ngra soliqlarni hisoblash va hisobotlarni topshirish, shuningdek, xodimlarga to‘liq maosh berish jarayonlari sodir bo‘ladi. Bularning hammasi vaqtni talab qiladi”, — deya holatni izohladi kompaniya.

Enter Engineering`ning tushuntirishicha, kompaniyada xodimlarga mart oyi uchun ish haqini to‘lash jarayoni ketmoqda. Bu, birinchi navbatda, qurilish kompaniyasining o‘zi, qolaversa, sifat nazorati xizmatlari va buyurtmachining mustaqil texnik nazorati xizmatlari tomonidan tekshirilishi kerak bo‘lgan qurilish ishlarining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq.

Kompaniya xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolar uch yil oldingi feyk video hisoblanadi. Shuningdek, tashkilot ham buyurtmachilar, ham xodimlari oldidagi barcha majburiyatlarini bajarib kelishiga ishontirdi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning kuzida Qashqadaryodagi GTL zavodi qurilayotgan joyda Enter Engineering ishchilari norozilik bildirgandi. Ular maoshlarning kechikishi, karantin choralari, oshxonalardagi navbatlar, kadrlar bo‘yicha qarorlar shaffof emasligidan shikoyat qilgan. Ish beruvchi va rasmiylar ularning shikoyatlarini hal qilishga va’da bergan. Keyinroq “pogrom” fakti bo‘yicha ayrim ishchilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi. Korxona mulkiga yetkazilgan umumiy zarar 480 million so‘mni tashkil etdi.

2024-yil fevral oyida OKMK misni boyitish fabrikasi qurilish maydonida tom qulab, ishchilarni bosib qoldi. Unda hindistonlik 3 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi jarohatlandi.

“Gazeta.uz” manbasining xabar berishicha, bu 3-MBF qurilishi chog‘idagi birinchi baxtsiz hodisa emas. Kelib tushgan videolarda (tahririyatda mavjud) ishchilarning qurilish maydonchasida ish vaqtida jarohat olgani aks etgan. Bunday holatlarning ayrimlari, shu jumladan, ishchilarning aybi bilan ham sodir bo‘lmoqda, biroq ularning xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasliklari, manbaga ko‘ra, ular yuk ko‘tarish moslamalari, yuklarni tashish vositalari va shaxsiy himoya vositalari bilan yetarlicha to‘g‘ri ta’minlanmagani bilan ham bog‘liq. Bundan tashqari, manbaga ko‘ra, ishchilar to‘rt oydan beri maosh olmagan.

O‘zbekiston Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodimlarga ish haqini to‘lash muddati yarim oyda bir martadan kam bo‘lmasligi kerak. To‘lovning o‘z vaqtida bajarilishi va ish haqi miqdori boshqa to‘lovlarni amalga oshirish va ularning tartibiga bog‘liq bo‘lishi mumkin emas.

Bundan tashqari, ish beruvchi, uning moliyaviy ahvolidan qat’i nazar, qonun va mehnat shartnomasida belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlariga muvofiq bajarilgan ish uchun haq to‘lashi shart.