Shavkat Mirziyoyev chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi sessiyasida o‘z tavsiyasiga ko‘ra poytaxt hokimi etib tasdiqlangan Shavkat Umurzoqov haqida gapirdi.

Davlat rahbari “xalq vakillari (deputatlar) bildirgan bu yuksak ishonch yangi hokimdan katta mas’uliyat, tinimsiz mehnat va fidoyilikni talab qilishini” ta’kidladi.

“…Toshkentga hokim qo‘yish oson emas…Bir yil oldin Shavkat Bo‘ronovich Umurzoqovga ishonch bildirgandik. O‘tgan vaqt davomida u ham o‘rgandi, tajriba to‘pladi…Mahallalarni rivojlantirish uchun faqat budjetga tayanmay, qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga sola bilyapti. O‘ylaymanki, azim poytaxtimizning biri ikki bo‘lishiga harakat qiladi”", — deya prezidentning so‘zlaridan iqtibos keltirdi jurnalist Aziza Qurbonova.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, yangi hokim o‘z o‘rinbosarlari, tuman hokimlari, sektor va bank rahbarlari, “mahalla yettiligi” bilan poytaxt aholisi uchun munosib sharoit yaratish, investitsiya olib kelib, yangi-yangi yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish, shaharni yanada obod qilishi kerak.

Bir so‘z bilan aytganda, odamlar rozi bo‘lishi uchun yangicha yondashuv asosida katta marralarni olib, qattiq ishlashi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.

“O‘tgan davr mobaynida u „O‘zbekiston-2030“ strategiyasida o‘z ifodasini topgan, Toshkent shahri aholisi va mehmonlarining qulayligi va xavfsizligini ta’minlash, investitsion biznes-muhitni yaxshilash, va ekologik barqarorlikka erishishga qaratilgan maqsadlar sari sobitqadamlik bilan borayotgan, qatiqqo‘l va adolatli rahbar ekanligini namoyon qildi”, — deya qayd etgandi hokimlik o‘z xabarida.