Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Soliq kodeksining 227−1-moddasiga tadbirkorlar tomonidan “qotil” deb nom olgan o‘zgartirishlarni kiritish to‘g‘risidagi qonunni birdaniga uch o‘qishda qabul qildi.

227−1-modda soliq kodeksiga 2022-yil mart oyida kiritilgan va amalga oshirilgan so‘nggi hisobot choragi uchun sof daromad miqdorida jarima nazarda tutilgan. Unda fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish bo‘yicha chora belgilangan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada jazolar mutanosibligi prinsipi aks ettirilganini tan olib, deputatlar jarimani 98 foizga yoki 50 baravarga kamaytirishni ma’qulladi — endi bu sof daromadning 100 foizidan 2 foizigacha bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik moliyaviy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 20 foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi “soliq qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlikni yanada erkinlashtirish, soliq huquqbuzarliklari uchun javobgarlik choralarini adolat tamoyili asosida belgilash, qoidabuzarliklarning oldini olish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining ortiqcha xarajatlarini kamaytirishga” xizmat qiladi.

Endi qonun Senat tomonidan tasdiqlanishi va prezident tomonidan imzolanishi kerak.

Fevral oyida Spot nashri Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha 1500 dan ortiq tadbirkor jarimaga tortilgani va 700 mlrd so‘mlik jarima solinganini ma’lum qilgandi.

Soliq maslahatchilari va tadbirkorlarning ta’kidlashicha, soliq organlari savdo va ovqatlanish korxonalarini R-Keeper, Jowi, iiko va boshqa tizimlarning ichki hisobga olish dasturlaridan foydalanganliklari uchun kassa apparatlari, ya’ni soliq organlari tizimi bilan integratsiyalashmagani uchun jarimaga tortishgan.

Fevral oyi o‘rtalarida umumiy ovqatlanish va savdo sohalaridagi biznes vakillari bilan uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov tadbirkorlarga qo‘llangan jarimalar miqdorini kamaytirish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u jarimani to‘liq to‘laganlar summaning 98 foizi qaytarilishiga ishontirgandi. Xabar qilinishicha, jami 400 mlrd so‘mlik jarimalarni hisobdan chiqarish rejalashtirilgan.

Fevral oxirida Shavkat Mirziyoyev fiskal belgilar va tovarlarni markalash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun biznes uchun moliyaviy sanksiyalarni yumshatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Farmonda bir oy ichida tuzatishlar loyihasini ishlab chiqish topshirilgandi.