O‘zbekistonda 2023-yil yakuniga ko‘ra, davlat budjetidan ajratiladigan subsidiyalar hajmi 2021-yilga nisbatan besh baravar oshdi. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlarida keltirilgan.

2021-yilda subsidiyalar uchun 5,63 trln so‘m, 2022-yilda 12,26 trln so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich rekord daraja — 29,25 trln so‘mgacha oshdi (o‘tgan yilgi o‘rtacha kurs — 11 ming 741 so‘m bo‘yicha qariyb 2,5 mlrd dollar).

Mablag‘larning katta qismi — 17,99 trln so‘mi (dastlab 12,4 trln so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da) tabiiy gaz sotib olish (bozor bahosida) va ichki bozorda (tartibga solinadigan tariflar bo‘yicha) sotishdagi farqni qoplashga yo‘naltirilgan. Xususan, O‘zbekiston xorijiy kompaniyalar bilan qo‘shma loyihalar asosida eksportga mo‘ljallangan gazni ichki bozor uchun ham eksport narxlarida xarid qildi. Shu sababli “O‘ztransgaz” Koreya kompaniyalaridan 1 mlrd dollar, 2019-yilda esa “Lukoyl"dan 600 mln dollar qarzdor bo‘lib qolgandi.

Bunday qarzlar qanday yuzaga kelishini avvalroq tushuntirib bergandik.

2021-yilgi budjetda bunday subsidiyalar ko‘zda tutilmagandi, 2022-yilda esa bu maqsadlar uchun 6,7 trln so‘m yo‘naltirildi.

2024-yilda tariflarni oshirish hisobiga subsidiyalar miqdorini 9,5 trln so‘mgacha kamaytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, elektr energiyasini sotib olish va sotish narxlari o‘rtasidagi farqni qoplash uchun 2,5 trln so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.

2023-yilda geologiya-qidiruv ishlariga 1,02 trln so‘m subsidiya ajratilgan. Yil boshida ushbu maqsadlar uchun 990 mlrd so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgandi.

Issiqlik energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalarga pasaytirilgan tariflar saqlanib qolishi munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash uchun yana 1,72 trln so‘m ajratildi. 2024-yilda bu miqdor 4,5 trln so‘mga yetishi kutilmoqda.

Jamoat transporti uchun 838 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu miqdor 1,5 trln so‘mga yetishi prognoz qilingan.

Issiqlik ta’minoti va jamoat transportiga to‘lanadigan kompensatsiya miqdorining keskin oshishi 1-oktabrdan gaz va elektr energiyasi narxlari oshgani, shu sababli issiqlik elektr stansiyalari va avtobuslar yoqilg‘ini oshirilgan narxlarda xarid qilayotgani bilan izohlangan.

Davlat-xususiy sherikchilik doirasida bolalar bog‘chalari qurish uchun 2,74 trln so‘m (bu yil 3,04 trln so‘m ajratish rejalashtirilgan), aholi tomonidan ipoteka dasturi bo‘yicha uy-joy sotib olishda dastlabki to‘lov va foizlarning bir qismini qoplash uchun 1,1 trln so‘m (2024-yilda 1,5 trln so‘m) subsidiya yo‘naltirildi.

2024-yilda subsidiyalar uchun 29,8 trln so‘m, energetika sohasiga 20,6 trln so‘m, geologiya-qidiruv ishlariga 900 mlrd so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda foydali qazilmalarni qazib oluvchi korxonalar uchun yana bir imtiyoz joriy qilingandi. 2024-yil 1-yanvardan 2025-yil 31-dekabrgacha metall va uglevodorodlar qazib olishni boshlagan korxonalar renta solig‘idan umrbod ozod qilinadi. Deputat Doniyor G‘aniyev bunga qarshi chiqqandi, shunga qaramay, o‘zgarish qabul qilingan.