28-mart kuni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi Bolgariya va Ruminiya 31-martdan boshlab Shengen hududi tarkibiga kirishiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazdi.

“Bolgariya va Ruminiyaning Shengen hududiga qo‘shilishi Yevropa integratsiyasi loyihasining muhim yutug‘i bo‘lib, fuqarolar va korxonalarga erkin harakatlanish huquqlaridan to‘liq foydalanish imkonini beradi. Bu O‘zbekiston uchun ham yaxshi yangilik, chunki sayohat va almashinuv uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda”, — dedi YIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.

“Shengen Yevroittifoqning eng qimmatli gavhari bo‘lib qolmoqda, u Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ham ilhom manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi diplomatik missiya rahbari.

YI Bolgariya va Ruminiyaning hududga qo‘shilishi ortidan sayohat, savdo va turizm rivojlanishini kutmoqda. Bolgariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi muvaqqat ishlar vakili Stoyana Rusinova 2024-yil yoz mavsumida Toshkent va Bolgariya kurort shahri Burgas o‘rtasida charter reyslar ochilishini ta’kidladi. Parvozlarni Uzbekistan Airways amalga oshiradi.

Shengen Yevropada erkin harakatlanish zonasi 1985-yilda YIning beshta davlati — Fransiya, Germaniya, Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburg tomonidan yaratilgan va asta-sekin dunyodagi eng yirik erkin harakatlanish hududiga aylangan.

Bolgariya va Ruminiyaning qo‘shilishi bilan Shengen hududi 29 ta davlatdan iborat bo‘ladi, ulardan 25 tasi YIga a’zo davlatlar, bundan tashqari, Islandiya, Lixtenshteyn, Norvegiya va Shveysariya ham bor. U 4,5 million kvadrat metr maydon va 450 million aholini o‘z ichiga oladi. Shengen vizasi odamlarga a’zo davlatlar o‘rtasida chegara nazoratidan o‘tmasdan erkin sayohat qilish imkonini beradi.