2024-yilda Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tashish hajmi 2023-yilga nisbatan qariyb 3 barobar ortadi. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligiga tayanib, “TASS” xabar berdi.

“„Gazprom“ va Qozog‘iston Respublikasi hukumati o‘rtasida imzolangan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida Rossiya gazining O‘zbekistonga yillik tashish hajmini 2023-yildagi 1,28 mlrd kub metrdan 2024-yilda 3,8 mlrd kub metrga oshirish belgilandi”, — deya ta’kidladi vazirlik.

2023-yil 7-oktabrda uch davlat prezidentlari Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston hududi, “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali O‘zbekistonga tranzit qilishga start bergandi.

UzGasTrade va “Gazprom” o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, kunlik yetkazib berish hajmi 9 mln kubometrni yoki yiliga 2,8 mlrd kub metrni tashkil qiladi. “Kommersant’” ma’lumotlariga ko‘ra, bunday hajm narxi taxminan 448 mln dollarni, ya’ni 1000 kub metr gaz uchun 160 dollarni tashkil etadi.

2026-yildan boshlab yetkazib berish hajmini yiliga 3 mlrd kub metrdan 11 mlrd kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan.

Avvalroq O‘zbekiston hukumati “shimoldan” gaz importini oshirish uchun magistral gaz tizimini 500 mln dollarga modernizatsiya qilmoqchiligi haqida xabar bergandik. Hozirda O‘zbekiston bu yo‘nalish orqali Rossiya gazini olmoqda. Yetkazib berish hajmini kuniga 9 mln kub metrdan 32 mln kub metrgacha oshirish rejalashtirilmoqda.

Jahon banki fevral oyida Markaziy Osiyo davlatlari tez orada gaz talabi va taklifi o‘rtasidagi nomutanosiblik kuchayib borishiga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

2023-yilda O‘zbekiston eksport qilganidan ko‘proq gaz import qildi. Yetkazib berishlar o‘rtasidagi farq 165 mln dollardan oshdi. “Gazeta.uz” mamlakat ichidagi ulkan gaz zaxiralariga qaramay, bunday holat kuzatilishiga olib kelgan omillarni tahlil qilgandi.