Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida dzyudo bo‘yicha navbatdagi “Katta dubulg‘a” turniri yakunlanib, unda o‘zbekistonliklar 2 ta kumush medali bilan cheklandi.

Musobaqada 83 mamlakatdan 531 nafar sportchi qatnashdi (O‘zbekistondan 18 nafar). Jamoaga birinchi bo‘lib -66 kg vazn toifasida Sardor Nurillayev medal olib keldi. U oltin medal uchun bahsda neytral maqomda kurashgan Ivan Chernixga imkoniyatni boy berdi va musobaqani ikkinchi o‘rinda yakunladi. Bu Nurillayevning “Katta dubulg‘a” musobaqalaridagi oltinchi medali bo‘ldi. Shuningdek, u jahon va Parij-2024 reytingi uchun 700 ochkoga ega bo‘lmoqda.

dzyudo, katta dubulg‘a

-81 kg vazn toifasida kurashayotgan Sharofiddin Boltaboyev katta tanaffusdan keyin yana shohsupaga ko‘tarildi. U ham finalda neytral maqomda kurashgan Timur Arbuzovga yutqazib qo‘ydi va kumush medalga sazovor bo‘ldi. U so‘nggi bor 3 yil muqaddam xalqaro maydonda final bosqichida kurashgandi. Oxirgi medali unga jahon va Parij-2024 Olimpiadasi uchun 700 ochko taqdim etdi.

dzyudo, katta dubulg‘a

Terma jamoa bu turnirni 12-o‘rinda yakunladi.

dzyudo, katta dubulg‘a

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonliklar bundan avval mart oyi boshida Toshkentda o‘tgan “Katta dubulg‘a” turnirida 6 ta medal olib, Fransiya va Yaponiyadan keyin umumhisobda 3-o‘rinda bo‘lgandi. Fevral oyida esa Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tgan turnirda 3 ta medal olingan.