O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Moskva shahridagi “Krokus siti holl”da sodir etilgan teraktni keskin qoralaydi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

“Terrorizmni oqlab bo‘lmaydi, biz begunoh fuqarolarga nisbatan qilingan bunday zo‘ravonlikni bir ovozdan rad etishga chaqiramiz”, — deyiladi TIV xabarida.

Vazirlik halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

22-mart kuni kechqurun Moskvadagi “Krokus siti holl” konsert zalida qurollangan shaxslar odamlarga qarata o‘t ochdi. Kamida 40 kishi halok bo‘lgani, 100 dan ortiq kishi jarohatlangani xabar qilindi. Uzbekistan Airways Moskvadagi yo‘lovchilardan aeroportlarga vaqtliroq kelishni so‘radi.