Moskva yaqinidagi “Krokus siti holl” konsert zalida sodir etilgan terakt uchun javobgarlikni ISHIDning Afg‘onistondagi bo‘linmasi — ISHID-Xuroson (ISHID-K) o‘z zimmasiga oldi, deb yozmoqda The New York Times. Bu ma’lumotni AQSh amaldorlari ham tasdiqladi.

Bir necha qurollangan shaxslarning konsert zaliga uyushtirgan hujumi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Gazetaning yozishicha, AQSh mart oyida rejalashtirilgan terakt haqida razvedka ma’lumotlarini olgan. 7-mart kuni Qo‘shma Shtatlar ehtimoliy hujum haqida ommaviy ravishda ogohlantirgan, shuningdek, bu haqda Rossiya rasmiylariga ham yopiq tartibda xabar bergan.

“AQSh razvedka idoralari potensial hujumlar xavfidan xabardor bo‘lganlarida „ogohlantirish“ majburiyatiga ega”, — deyiladi nashr xabarida. Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qancha ma’lumot uzatgani noma’lum.

AQSh aksilterror xizmatlari vakillaridan iqtibos keltirgan gazeta xabariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Rossiyada ISHID a’zolarining faolligi kuzatilgan.

Yevropada hujumga urinishlarning aksariyati bartaraf etilgan, bu esa guruhning imkoniyatlari pasayib ketgandek taassurot uyg‘otgan. Oxirgi hujum esa ushbu baholashni qayta ko‘rib chiqishga majbur qiladi.

Soufan Group tahlilchisi Kolin Klarkning The New York Times nashriga aytishicha, ISHID so‘nggi ikki yil davomida Moskvaning “Afg‘oniston, Checheniston va Suriyaga aralashuvi” bo‘yicha o‘z propagandalarida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni muntazam ravishda tanqid qilib keladi.

19-mart kuni Federal xavfsizlik xizmati hay’ati yig‘ilishida Rossiya prezidenti Vladimir Putin G‘arb razvedka xizmatlarining ogohlantirishini “provokatsion” deb atagandi. “Bularning barchasi ochiqdan-ochiq shantaj va jamiyatimizni qo‘rqitish hamda beqarorlashtirishga bo‘lgan niyatga o‘xshaydi”, — degan u (iqtibos Kreml veb saytidan keltirildi).

AQSh, shuningdek, yanvar oyi boshida Eronni 85 ga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘lgan va 200 dan ortiq odam yaralangan terrorchilik hujumi oldidan ham ogohlantirgandi.

Keyinroq Kirmon shahrida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi generali Qosim Sulaymoniyning 2020-yilda vafot etganining to‘rt yilligi munosabati bilan motam marosimlari o‘tayotgan qabristonda portlashlar sodir bo‘lgan.

G‘arb razvedka xizmatlari dafn marosimi vaqtida ehtimoliy hujum haqida ma’lumot to‘plagan. O‘shanda javobgarlikni ISHID-K ham o‘z zimmasiga olgandi.