O‘zbekistonda davlat banklarini xususiylashtirish yana kechroq muddatga qoldirilishi mumkin. Bu haqda Fitch Ratings`ning moliyaviy institutlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Pavel Kaptelga asoslanib, “Kursiv” xabar berdi. Bu haqda u mart oyi boshida Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanda aytib o‘tgan.

Reyting agentligi vakili hukumatning bank tizimini isloh qilish bo‘yicha rejalari haqida gapirgan. Maqsadlar qatorida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Osiyo taraqqiyot banki kabi yetakchi xalqaro taraqqiyot institutlari bilan hamkorlikni o‘z ichiga olgan qator davlat banklarini sotish ham bor edi.

Ushbu banklar texnik yordam, konsultatsiyalar berishi va keyinchalik strategik investorga sotish uchun xususiylashtirilgan davlat banklarining minoritar aksiyadorlariga aylanishi mumkin.

“Ammo islohot faqat bu bilan bog‘liq emas. Korporativ boshqaruv tartib-qoidalari va banklarda nafaqat sotilishi kerak bo‘lgan, balki davlat mulkida qoladigan risklarni boshqarishning sezilarli darajada yaxshilangani ham muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, islohotning muhim jihati bu sohadagi tartibga solishni, xususan, banklar uchun kapitalning potensial standartlari nuqtai nazaridan takomillashtirishdir”, — deya Pavel Kaptelning so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda — dastlabki to‘rt yilda nodavlat banklarning sohadagi ulushi 2019-yil oxiriga nisbatan ikki baravar ko‘paygan va ayni paytda tarmoq aktivlarining qariyb uchdan bir qismini tashkil etmoqda. Ammo bu hali ham hukumat tomonidan belgilangan maqsaddan sezilarli darajada past (2025-yil oxiriga kelib bank tizimidagi xususiy sektor ulushi 60 foizga yetishi kerak).

Shu bilan birga, uchta yirik bankdan faqat “Ipoteka-bank” sotilgan. O‘zsanoatqurilishbank (SQB) va “Asakabank"ning sotilishi hamon kechikmoqda.

“Ikkala bank ham 2023-yil oxirigacha strategik investorlarga sotilishi rejalashtirilgan edi. Ammo o‘tgan yili hukumat belgilangan muddatlar kechiktirilayotganini e’lon qildi. O‘zsanoatqurilishbank uchun — 2024-yil oxiri, „Asakabank“ uchun — 2025-yil oxiri. Biz ishonamizki, bu muddatlar ham uzaytirilishiga to‘g‘ri kelishi ehtimoli bor”, — deya yozdi “Kursiv” Fitch vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda.

Uning ta’kidlashicha, moliya institutlarini sotishdan oldingi tayyorgarlik hali ham davom etmoqda, chunki ikkala bank ham tarixan korporativ sektor va davlat kompaniyalarini kreditlashga e’tibor qaratgan va hozirda ko‘proq diversifikatsiyalangan modelni (kichik va o‘rta biznes, chakana savdo) qurmoqda, bu esa vaqt talab etadi. KO‘B va chakana savdoning ulushi o‘sib bormoqda, ammo hozircha unchalik tez emas.

Fitch vakili savdo istiqbollarini oshirish uchun banklar ko‘proq rentabellik ko‘rsatishi kerakligini ta’kidladi. Bu, ayniqsa, chakana savdo segmentidagi kredit berishning keskinroq o‘sishini talab qiladi, ammo bu uchun kapital kerak bo‘ladi.

“Shuning uchun YeTTB, XMK va boshqa tashkilotlarning bank kapitaliga langar investor sifatida kirishi istiqboli banklarning o‘z vaqtida sotilishi yoki sotilmasligi nuqtai nazaridan juda muhim. Agar bu ro‘y bersa, bu banklarga kredit berish hajmini oshirish uchun kapital beradi va shu orqali rentabellikni, bozor ulushini oshiradi”, — dedi Fitch direktori o‘rinbosari.

Fevral oyidagi sharhida Fitch, shuningdek, investorlarning kayfiyatiga postsovet hududidagi hozirgi geosiyosiy noaniqlik ham ta’sir qilishi, bu esa xususiylashtirishni kechiktirishi mumkinligini ta’kidlagandi.

2023-yil avgust oyida prezident “Qishloq qurilish bank” (yaqinda Biznesni rivojlantirish bankiga aylantirildi), “Asakabank”, “Aloqabank”, “Agrobank” va boshqa banklarni xususiylashtirish hamda aksiyalari IPO`sini kechroq muddatga qoldirgandi. Avvaliga davlat ulushini to‘liq auksionga qo‘yish rejalashtirilgan O‘zsanoatqurilishbankning davlat ulushi 2024-yil oxirigacha 50 foizga kamaytirilishi ko‘zda tutilgandi.