BYD kompaniyasi O‘zbekiston hukumatidan elektromobillarning mamlakatga tartibsiz importini cheklashni so‘radi. Bu prezidentning 18-martdagi O‘zbekistonda elektromobillar va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha investitsiya bitimini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorida qayd etilgan (“Gazeta.uz”da mavjud).

Hujjatda aytilishicha, investor (BYD) hukumatga mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga moslashmagan, shuningdek, rasmiy kafolatga ega bo‘lmagan elektromobillarning tartibsiz importini cheklash bo‘yicha murojaat qilgan.

Prezident Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyatiga raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, shuningdek, Jahon savdo tashkiloti tamoyillaridan kelib chiqib 2024-yil 1-iyulga qadar Vazirlar Mahkamasiga BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillar importini tartibga solish bo‘yicha investor talabini amalga oshirishga qaratilgan takliflar kiritish topshirig‘ini berdi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zavtosanoat” va Xitoyning BYD Auto kompaniyasi 2023-yil yanvar oyida mos ravishda 60 foiz va 40 foiz ulush bilan elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasini tashkil qilgandi. Uning ustav kapitali — 55 mlrd so‘m.

Prezident yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi doirasida BYD kompaniyasining bosh qarorgohida bo‘lib, ushbu kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida gibrid va elektromobillarni yig‘ish loyihasini ishga tushirgandi. Uchrashuvda tomonlar yaqin kelajakda ishlab chiqarish quvvatini 500 ming donaga yetkazishga kelishib oldi. Prezident, shuningdek, kompaniyaning O‘zbekistonda BYD elektrobuslarini yig‘ishni boshlash rejasini ham qo‘llab-quvvatlagan.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, elektromobillar sohasidagi loyihalarni jadallashtirish, Xitoyning BYD kompaniyasi bilan elektromobillar uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.

Dekabr oyi oxirida “Gazeta.uz” hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilgani, unga ko‘ra, avtomobillar va elektromobillarni olib kirish qoidalarini kuchaytirish rejalashtirilgani haqida xabar bergan. Xususan, 2024-yildan boshlab jismoniy shaxslarga tijoriy maqsadda avtomobil olib kirishni taqiqlash ko‘zda tutilgandi. Bundan tashqari, yangi xorijiy avtomobillarni faqat rasmiy dilerlar orqali sotish tartibini tiklash taklif etilgandi. Mazkur hujjat qabul qilinmagan.