13-mart kuni soat 22:55 da Varshava aeroportidan LOT Polish Airlines aviakompaniyasining Toshkentga birinchi muntazam parvozi amalga oshirildi. Kompaniyaning Boeing 737 MAX 8 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 9:00 da O‘zbekiston poytaxtiga qo‘ndi. Parvoz vaqti 6 soatni tashkil etdi, deya xabar qildi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Toshkent xalqaro aeroportida yangi yo‘nalishning ochilish marosimida aeroport direktori Jasur Po‘latov, Polish Airlines kompaniyasi bosh direktori Mixal Fiyol, O‘zbekistonning Polshadagi elchisi Amirsaid Agzamxo‘jayev, Polshaning O‘zbekistondagi elchisi Radoslav Gruk, Transport va Madaniyat vazirliklari hamda Turizm qo‘mitasi vakillari va ikki mamlakat jurnalist va blogerlari ishtirok etdi.

“Varshava va Toshkent o‘rtasida aviaqatnovlarning ochilishi biz uchun Yevropa bilan havo aloqalarini o‘rnatishda muhim qadam bo‘ldi. Pandemiyadan so‘ng LOT Polish Airlines O‘zbekiston fuqarolari uchun Yevropa shaharlariga, yevropaliklar uchun esa O‘zbekiston shaharlariga parvozlarni ochgan birinchi Yevropa aviakompaniyasi bo‘ldi. Havo qatnovi har ikki tomon turizmini rivojlantirishda yangi sahifa ochadi”, — dedi Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayev.

“O‘zbekiston dunyodagi eng qiziqarli mamlakatlardan biri bo‘lib, Polsha va Yevropadan kelgan yo‘lovchilarga juda ko‘p narsalarni taklif qila oladi. Ishonchim komilki, havo kemamiz bortida Markaziy Osiyoning yuragiga qulay sharoitda yetib borish imkoniyati Polsha va O‘zbekiston o‘rtasida turizm va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun turtki bo‘ladi”, — dedi aviakompaniya bosh direktori Mixal Fiyol.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qulay tranzit punkti bo‘lgan Varshavaning Shopin aeroportidan Toshkent yo‘lovchilari Yevropa yoki Shimoliy Amerikaning 80 ga yaqin shaharlariga yetib borishlari mumkin.

Toshkent-Varshava-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar haftasiga uch marta — dushanba, payshanba va shanba kunlari Boeing 737 MAX 8 samolyotlarida amalga oshiriladi. Aprel va may oylarida aviatashuvchi chorshanba kunlari Varshavaga rejalashtirilgan qaytish bilan, seshanba kunlari ushbu yo‘nalish bo‘yicha qo‘shimcha parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Aviachiptalarni lot.com saytida, shuningdek, chiptalar va sayyohlik agentliklaridan sotib olish mumkin.

Ma’lumot uchun, LOT Polish Airlines 1929-yilda tashkil etilgan Polsha aviakompaniyasi bo‘lib, shtab-kvartirasi Varshavada joylashgan. Aviakompaniya Star Alliance — dunyodagi eng qadimgi va yirik alyans a’zosi hisoblanadi. Uning parkiga 80 ga yaqin samolyotlar kiradi va tarmog‘i 100 dan ortiq turli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.