12-mart kuni firibgarlikda ayblanib qidiruvga berilgan 35 yoshli erkak Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilindi, deb xabar qildi O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligi.

Xolmirza Asimovich Xakberdiyev O‘zbekiston va Turkiya huquq-tartibot idoralarining navbatdagi qo‘shma tadbirida qo‘lga olindi. Ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligiga yoki O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilishlari so‘raladi.

Xabarda ta’kidlanishicha, tezkor-qidiruv tadbirlari “tizimli ravishda davom ettirilmoqda”.

Ma’lumot uchun, yil boshidan buyon odam savdosida ayblangan bir necha ayol Turkiyadan deportatsiya qilingan. Xususan, 21-fevral kuni 23 yoshli Munisaxon Alijonova, 10-yanvar kuni “Madam Klod” laqabi bilan tanilgan Nilufar Mirxanova deportatsiya qilingan.

Shuningdek, yanvarda 2018 va 2022-yillardan buyon qidiruvda bo‘lgan ikki erkak Turkiyadan O‘zbekistongadeportatsiya qilingandi. Ularning biri ko‘p miqdordagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirish, ikkinchisi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishda ayblangan.