Jizzax viloyatining Zafarobod va Buxoro viloyatining Buxoro tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi.

Zafarobod tumani

Xalq deputatlari Zafarobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi, deb xabar bermoqda Jizzax viloyati hokimligi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan sessiyada viloyat hokimi Ergash Saliyev keyingi yillarda sobiq hokim O‘tkirbek Raxmanov boshchiligida tumanda islohotlarni amalga oshirishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni sohalar bo‘yicha birma-bir tanqidiy tahlil qildi.

Sessiyada Zafarobod tumani hokimi lavozimiga tavsiya etilgan nomzod — G‘ayratjon Eshpulatov tanishtirildi. U shu vaqtgacha Paxtakor tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Nomzodni deputatlar bir ovozdan tasdiqladi.

Buxoro tumani

Xalq deputatlari Buxoro tumani kengashi sessiyasida Halimjon Safarovni tuman hokimi lavozimidan ozod etish va uning o‘rniga yangi hokim tayinlash masalasi ko‘rib chiqildi.

“Tan olish kerak, tumanning oldingi rahbari Halimjon Salimovich Safarov boshchiligida hududda qisqa muddatda keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. U bildirilgan ishonchni oqlash uchun fidoyilik bilan ishladi, jonkuyarlik ko‘rsatdi. Uning rahbarligida barcha sohalarda o‘sish kuzatildi. Ammo keyingi paytda Halimjon Safarovning sog‘ligi yomonlashgani zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish imkoniyatini cheklab qo‘ydi. U sog‘lig‘i yomonlashgani munosabati bilan tuman hokimi lavozimidan ozod etishni so‘rab ariza bilan murojaat qildi”, — dedi viloyat hokimi Botir Zaripov.

Uning o‘rniga bunga qadar Romitan tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘alllikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Anvarjon Ochilov Buxoro tumani hokimi lavozimiga tasdiqlandi.