2022-yil oxiridan buyon 10 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov vafot etdi. Bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati tasdiqladi.

BP ma’lumotlariga ko‘ra, u 5-martga o‘tar kechasi o‘zi davolanayotgan IIV Jazoni ijro etish departamentining Toshkent shahridagi mahkumlar kasalxonasida vafot etgan.

Asosiy tashhis: yurak ishemik kasalligi, stenokardiya (funksional sinf 3-darajasi), infarktdan keyingi kardioskleroz, koronar qon tomirlar stentlash opersiyasidan keyingi holat, gipertoniya kasalligi III bosqich, arterial gipertenziya-III, xavf-IV (o‘ta yuqori).

Hozirda shahar maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.

Bahrom Haydarov 2017-yildan 2019-yil oktabr oyiga qadar Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan davrida moliyaviy jinoyatlar sodir etganlikda gumonlanib, shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslari bilan 2022-yilning 6-iyun kuni hibsga olingandi.

2022-yil 22-dekabrda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarovni Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismining “a”, “v” bandlari, 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 2-qismi “a”,"b" bandlari va 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topgan.

U 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining 350 baravari, ya’ni 85 750 000 so‘m jarima jazosi tayinlangandi.

Yana 22 kishi qamoq jazosiga, bir necha kishiga axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Ishga jami 45 kishi jalb qilingan. Ular 63 milliard so‘mdan ortiq pulni talon-toroj qilishda ayblangan. “Gazeta.uz” sud tafsilotlari haqida batafsil yozgan.

Bahrom Haydarov 1972-yilda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyatida tug‘ilgan. 1995-yil Andijon iqtisodiyot va boshqaruv institutini (sirtqi), 1998-yil O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasini (kunduzgi) tamomlagan. U shahar hokimligiga 2019-yilning avgustidan kirishgan.