Hafta davomida kunduz kunlari haroratning jadal ko‘tarilishi boshlanadi va ko‘tarilish ish haftasining oxirigacha davom etadi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Qayd etilishicha, 4−7-mart kunlari O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. 8-martda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi.

Dushanba kuni kunduzi havo harorati +4…+9 daraja bo‘ladi, so‘ng hafta oxirigacha harorat +13…+18 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi. Harorat kechasi −2…−5 darajadan +2…+5 darajagacha ko‘tariladi.

Shamol asosan sharqiy yo‘nalishda o‘rtacha tezlikda esadi, 8-martda ba’zi joylarda 15−18 m/s gacha kuchayadi. 5−6-mart kunlari respublikaning ayrim joylariga tuman tushishi mumkin.

6−7-mart kunlari ayrim tog‘li hududlarda, 8-martda tog‘li hududlarning katta qismida yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi. Qor ko‘chishi xavfi bor.

Toshkent shahrida 4−7-mart kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, 8-martda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Harorat kechalari −0…−2 darajadan +3…+5 darajagacha, kunduz kunlari +5…+7 darajadan +15…+17 darajagacha ko‘tariladi.

6−7-martda kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi.