Illinoys okrug sudi sobiq prezident Donald Trampni 19-mart kuni bo‘lib o‘tadigan Respublikachilar partiyasidagi praymerizda saylov byulletenidan chetlashtirish haqida qaror qabul qildi, deb xabar bermoqda CNN.

Sud bu “kutilmagan” qarorni AQSh Konstitutsiyasiga davlat lavozimlarida ishlashni taqiqlovchi 14-tuzatish asosida qabul qildi, deya qayd etdi telekanal. Sobiq prezidentga qarshi da’vo bir guruh saylovchilar tomonidan “Free Speech For People” advokatlik tashkiloti bilan birgalikda qo‘zg‘atilgan.

Sud qarori hali kuchga kirmagan va Tramp jamoasi apellyatsiya berishi mumkin.

Illinoys Trampga Respublikachilar partiyasining praymerizlarida qatnashishni taqiqlagan AQShning uchinchi shtatiga aylandi. Ilgari shunga o‘xshash asoslar bo‘yicha qarorlar Kolorado va Meyn shtatlari sudlari tomonidan qabul qilingan.

Tramp Koloradodagi praymerizlardan chetlatilganiga qarshi Oliy sudga apellyatsiya berdi, birinchi eshituvlar fevral oyi boshida bo‘lib o‘tdi. Mutaxassislar o‘z xulosalariga ko‘ra, sud sobiq prezidentga moyil bo‘lib, uning foydasiga qaror chiqarishi mumkin, deb hisoblamoqda. Agar bu sodir bo‘lsa, boshqa shtatlardagi taqiqlar ham olib tashlanishi kerak.

Oliy sud, shuningdek, 22-aprel kuni Trampning 2020-yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinishi to‘g‘risidagi ayblovga bo‘lgan immuniteti bo‘yicha sud majlisini o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Ilgari ikkita quyi sud unga qarshi qaror chiqargan edi.

14-tuzatishning uchinchi qismi 1868-yilda Amerika fuqarolar urushidan keyin sobiq Konfederatsiya amaldorlarini hokimiyatdan chetlatish uchun qabul qilingan. Zamonaviy davrda u kamdan-kam qo‘llaniladi. Koloradodagi sud uni prezidentlikka nomzodga qarshi birinchi bo‘lib qo‘lladi. Sud shuni aniqladiki, Tramp 2020-yilgi saylovlardan so‘ng natijalarini bekor qilishga uringan va o‘z tarafdorlarini 2021-yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirishga undagan. Siyosatchi bu ayblovlarni rad etadi.

  • AQSh prezidentligiga intilayotgan Trampga nisbatan uning biznes va siyosiy faoliyati bilan bog‘liq kamida to‘rtta alohida jinoiy ish ochildi, deb yozadi New York Times. Gap Jorjiyada 2020-yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinish, 2021-yil yanvarida Kapitoliyga bostirib kirish, maxfiy hujjatlar bilan noqonuniy muomala qilish va prezidentlik saylovoldi kampaniyasi mablag‘larini noqonuniy sarflash haqida ketmoqda.
  • Umuman olganda, Trampga 90 dan ortiq moddalar bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Moliyaviy firibgarlik bo‘yicha birinchi sud jarayoni 25-mart kuni boshlanadi.
  • Avvalroq Nyu-York sudi AQSh prezidentligiga da’vogar Donald Trampni moliyaviy firibgarlikda aybdor deb topdi va unga 355 million dollar jarima solgandi. Shuningdek, unga Nyu-Yorkdagi har qanday korporatsiyada uch yil davomida rahbarlik lavozimlarini egallash taqiqlandi.