Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Nikolay Doroshenko 26-fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning holati haqida gapirdi.

O‘zaro savdo

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar kelgusi yillarda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqishga kelishib olgan.

“Sanoat bo‘ylab hamkorlik to‘xtamaydi. Logistika bilan bog‘liq qiyinchiliklar mavjud, chunki Ukrainadan tovarlar Kaspiy dengizi orqali o‘tadi — bu katta logistika masofasi bo‘lib, mahsulot narxini oshiradi, bu mahsulotlarga biroz tahdid soladi, ammo shunga qaramay, tadbirkorlar ishlaydi. Ular mahsulot yetkazib berishning muayyan sxemalarini ishlab chiqdilar”, — dedi elchi.

Nikolay Doroshenko harbiy harakatlar tufayli O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida 2022-yil boshiga kelib o‘sishni boshlagan tovar ayirboshlash yana pasayganini ta’kidladi. 2023-yil oxirida u 320 million dollardan ortiqni tashkil etgan bo‘lsada, 2021-yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 747 million dollarga yetgan bo‘lgan.

“Bu avvalgi hajmning yarmiga teng. Ammo savdo hali ham pozitsiyalarni bosqichma-bosqich qayta tiklash, o‘sish bilan davom etmoqda. Va bu dinamika davom etishiga chin dildan umid qilamiz”, — dedi diplomatik missiya rahbari.

Ukraina elchisi diplomatik missiya O‘zbekiston-Ukraina ishbilarmonlar kengashi bilan hamkorlikda bahorda ikki davlat biznes-forumini o‘tkazishni taklif qilganini aytdi. “Ehtimol, Ukraina va O‘zbekiston ishbilarmon ayollari bilan shunday forum o‘tkazishga rozi bo‘larmiz. Bu g‘oya hozirgacha ishlab chiqilmoqda, lekin allaqachon qiziqish uyg‘otdi”, — deya qo‘shimcha qildi Nikolay Doroshenko.

Tadbirning ayollar uchun mo‘ljallangan formati (“jenskiy” format) Ukrainada amalda bo‘lib turgan harbiy holat tufayli taklif etilishi mumkin. Chunki harbiy holat paytida mamlakatdagi erkaklar davlat hududini tark etishi mumkin emas.

Shuningdek, elchi Ukraina farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotganini eslatdi. Bir yil avval “Yuriya-Farm” O‘zbekistondagi “Reka-Med” korxonasini YeTTB krediti evaziga sotib olgan va hozirda ishlab chiqarish qayta jihozlanmoqda. 2021-yilda O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochgan “Lekhim” kompaniyasi allaqachon yirik ishlab chiqarish majmuasini qurib bo‘lgan (Spot yozishicha, zavod qurilishi uchun Toshkent chekkasida qurilayotgan Tashkent Pharma Park mahalliy farmatsevtika klasteridan uncha uzoq bo‘lmagan 3 gektar maydon tanlandi). Yer kadastrini ro‘yxatdan o‘tkazishda ba’zi qiyinchiliklar yuzaga kelganiga qaramay, Ukraina elchixonasi korxona tez orada zavodni jihozlashni boshlashini kutmoqda. Ushbu loyihaning qiymati 42,5 million dollarni tashkil etadi.

Toshkent viloyatida Ukrainadan kelgan bolalarni reabilitatsiya qilish

Nikolay Doroshenko O‘zbekistonga 2023-yil yozida ukrainalik 50 nafar bolani dam olish va sog‘lomlashtirish uchun qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi. “Bular bosib olingan hududlardan kelgan bolalar, bularning ota-onasi vafot etgan yoki asirlikda. O‘zbekiston tomoni ularni juda samimiy kutib oldi, shunchaki hashamatli sharoitlarni yaratib berdi. Ta’kidlash joizki, ushbu loyiha bir qator shunga o‘xshashlari orasida eng yuqori reytingni oldi. Ukrainalik bolalar turli mamlakatlarga, shu jumladan, Yevropa mamlakatlariga — Shveysariya, Polsha, Bolgariyaga sayohat qilishdi. Ammo O‘zbekistonning darajasiga erishib bo‘lmas edi”, — ta’kidladi Ukraina elchisi.

“Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvda biz ushbu loyihani davom ettirish mumkinligi haqida gaplashdik. Umid qilamizki, bu yil, ayniqsa, Ukrainaning doimiy bombardimon qilinayotgan hududlari va bosib olingan hududlardan reabilitatsiyaga bolalarni — hozir 100 nafarini taklif qilish mumkin”, — dedi Nikolay Doroshenko.

Ukraina rassomlarining O‘zbekiston haqidagi asarlari taqdimoti

Elchi shu yil uchun rejalashtirilgan yana bir gumanitar loyiha haqida ham gapirdi.

“Ikkinchi jahon urushi yillarida ukrainalik ijodkorlar Samarqandga evakuatsiya qilinganiga bu yil 80 yil to‘ldi”, — dedi Nikolay Doroshenko. “U tugagach, ular o‘z vatanlariga qaytishdi, lekin bu yerda juda ko‘p rangtasvirlar — akvarel, moyli, grafikalarni chizdilar… San’atshunoslarimiz O‘zbekiston haqidagi ushbu qatlam asarlarni to‘plashdi va endi ular „Antikvar“ jurnalida chop etiladi. U o‘zbek va ukrain tillarida 140 sahifadan iborat bo‘ladi. Umid qilamanki, aprel oyida biz Kiyevda jurnalning ushbu soni taqdimotini, shuningdek, „Kiyev san’at galereyasi“ Milliy muzeyida, so‘ngra O‘zbekistonda — Toshkent yoki Samarqandda asarlar ko‘rgazmasini o‘tkazamiz”.

Ko‘rgazma posteriKo‘rgazma posteri

“Bu Ikkinchi jahon urushi yillarida ham, hozir ham ukrainaliklarga shunday samimiylik va e’tibor bilan qaragan, farzandlarimizni ta’tilga qabul qilgan o‘zbek xalqiga minnatdorlik belgisidir. Gap nafaqat mehmondo‘stlik an’analari, balki madaniyat haqida ham”, — deya ta’kidladi elchi. U Ukraina rassomlarining O‘zbekistonga oid ushbu asarlaridan iborat ko‘rgazmani Toshkentda tashkil etishni xohlayotganini, biroq san’at obyekti hisoblangan kartinalarni yetkazib berishda ma’lum qiyinchiliklar borligini qo‘shimcha qildi.

Xavfli va xavfsiz mehnat migratsiyasi

Ukraina elchisi Ukrainaga mehnat migratsiyasi mavzusiga alohida e’tibor qaratdi. U, birinchi navbatda, Rossiyaga mehnat migratsiyasiga ketayotgan O‘zbekiston fuqarolarini Ukrainaning bosib olingan hududlariga ishlash uchun yuborilmaslikdan ogohlantirdi.

Eslatib o‘tamiz, Bloomberg yaqinda Rossiya Ukrainaning bosib olingan hududlarida qurilish ishlari uchun qo‘shni davlatlardan minglab mehnat muhojirlarini yollayotgani, lekin buning o‘rniga ularning ba’zilari xandaq qazib, frontda jang qilishga majbur bo‘layotgani haqida yozgan edi. 2023-yil noyabrida Ukraina Milliy qarshilik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida Markaziy Osiyodan 100 mingdan ortiq muhojir bor.

“Afsuski, bizda O‘zbekistondan Rossiyadagi mehnat muhojirlarini go‘yoki vayron bo‘lgan uylarni qurish va tiklash uchun vaqtincha ishg‘ol qilingan Ukraina hududiga jalb qilish, so‘ngra hujjatlarini olib, frontga jo‘natish holatlari mavjud. Men bu haqda O‘zbekiston tomoniga ma’lumot yubordim va mamlakat rasmiylaridan fuqarolarni bundan ogohlantirishni so‘radim. Bilishimcha, O‘zbekiston Adliya vazirligi vaqti-vaqti bilan harbiy harakatlarda yollanma bo‘lib ishtirok etish qonunda nazarda tutilgan jinoiy javobgarlik hisoblanib, 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishini eslatib turadi”, — dedi Nikolay Doroshenko.

Ukraina elchisining ta’kidlashicha, fuqarolar Rossiya Federatsiyasi orqali Ukrainaning bosib olingan hududlariga sayohat qilish orqali xalqaro huquqni buzmoqda. “Bu, birinchi navbatda, ular uchun xavf, ularni hech kim himoya qilmasligi, jangovar harakatlar paytida halok bo‘lishlari mumkin. Shu bois, odamlar tushunishi biz uchun muhim: ko‘proq maoshga rozi bo‘lish bilan odam o‘z hayotini sotmoqda”, — deya tushuntirdi u. Elchining ta’kidlashicha, bosib olingan hududlardan ma’lumot olish qiyin bo‘lsada, bu hududlarda Markaziy Osiyodan kelgan 100 ming muhojir haqidagi raqam haqiqatga yaqin.

Diplomatik missiya rahbari mamlakatlar o‘rtasida hali ham vizasiz rejim amal qilayotganini hisobga olib, ishga joylashish maqsadida Ukrainaga kirishning huquqiy me’yorlari mavjudligini ta’kidladi.

“Ukrainani qayta tiklash uchun O‘zbekistondan kelgan ishchilarga qiziqish katta. Fuqarolaringiz sug‘urta, himoya va uy-joy bilan ta’minlangan xavfsiz joylarda ishlashlari uchun tadbirkorlik subyektlaridan hozirdanoq shunday murojaatlar tushmoqda. Masalan, Ukrainadagi tadbirkorlardan biri oziq-ovqat, turar joy va sug‘urta bilan birga oyiga 800 dollar maosh evaziga mutaxassis quruvchilarni yollashga tayyorligini aytdi”, — dedi Nikolay Doroshenko. Uning qo‘shimcha qilishicha, elchixona O‘zbekistonning tegishli davlat organlari bilan Ukrainada ishlash uchun tashkiliy yollash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor.

O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarning rivojlanishi

Elchi Ukraina O‘zbekiston bilan turli darajadagi muloqotni rivojlantirishdan qat’iy manfaatdor ekanini ta’kidladi: “Kelajakda tashqi ishlar vazirining ham, prezidentning ham tashrifi bo‘lishidan manfaatdormiz. O‘zbekiston bugungi kunda Ukraina uchun iqtisodiyoti faol rivojlanayotgan asosiy davlatlardan biri bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi hamkorlikdagi ustuvor yo‘nalish hisoblanadi”.

Nikolay Doroshenko TIVga O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarni Kiyevda o‘tkazishni taklif qilganini aytdi (avvalgi maslahatlashuvlar 2021-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan edi).

“Men maslahatlashuvlarni hozir ham o‘tkazishni taklif qilganman, chunki Kiyev xavfsiz shahar bo‘lgani uchun ko‘plab xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari tashrif buyurishadi. Umid qilamanki, O‘zbekiston tomoni bir qarorga kelib, rozi bo‘ladi. Agar biz siyosiy muloqotni davom ettirsak, juda yaxshi bo‘lardi”, — dedi u.