Shavkat Mirziyoyev 26-fevral kuni tadbirkorlik subyektlariga fiskal belgilar va tovarlarni markirovkalash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan moliyaviy sanksiyalarni yumshatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi ma’lum qildi.

O‘zbekiston Soliq kodeksining tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘lgan 227−1-moddasi bo‘yicha jarima miqdori 50 baravarga kamaytiriladi. Eslatib o‘tamiz, ushbu moddada fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish nazarda tutilgan. Bunday qoidabuzarlik hozirda realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Endilikda birinchi marta bunday huquqbuzarlik sodir etilganda qo‘llaniladigan jarima miqdori realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning 2 foizini tashkil qiladi va bir yil ichida takroriy qoidabuzarlik sodir etilgan taqdirda jarima miqdori 20 foizgacha oshiriladi.

Shuningdek, prezident farmoni kuchga kirgunga qadar 227−1-moddada nazarda tutilgan fiskal huquqbuzarliklar uchun qo‘llanilgan moliyaviy sanksiyalar bo‘yicha qarzlarning 98 foizi hisobdan chiqariladi. Ularni undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatiladi.

Shuningdek, korxonalar bu bo‘yicha to‘lagan jarimalarning 98 foizi qaytarib beriladi.

Hukumatga bir oy muddatda Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini kiritish topshirildi.

Tadbirkorlarga qanday jarima qo‘llanilgandi?

227−1-modda Soliq kodeksining yangi tahririga 2022-yil 11-martdan kiritilgan va tasdiqlangandan keyin uch oy o‘tib — 13-iyundan kuchga kirdi. Modda quyidagi talablarni o‘z ichiga oladi:

  • fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash;
  • soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash;
  • tovarlarni (alkogol va tamaki mahsulotlari, pivo, dori-darmonlar, maishiy texnika, 2024-yil 1-martdan — suv va ichimliklar) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar uchun identifikatsiyalash vositalari bilan majburiy raqamli markirovkalash qoidalari.

Ushbu talablar yoki tartib-qoidalarni buzish realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushum miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Spot.uz`ning Soliq qo‘mitasiga tayanib xabar berishicha, o‘tgan yili ushbu modda bo‘yicha 254 ta, joriy yilda esa 1083 ta korxona jarimaga tortilgan.

Soliq maslahatchisi Gulnora Suyundikovaning aytishicha, soliq organlari savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini ichki hisob dasturlari sanaluvchi R-Keeper, Jowi, iiko va boshqa tizimlardan foydalangani va ular nazorat-kassa mashinalari, ya’ni soliq organlari tizimi bilan integratsiya qilinmagani uchun jarimaga tortgan.

Ushbu jarimalar tadbirkorlarning noroziligiga sabab bo‘lganidan keyin Savdo-sanoat palatasida Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev va Savdo-sanoat palatasi rahbari Davron Vaxobovlar hamda tadbirkorlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazilgandi. O‘sha uchrashuvda Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari mazkur modda bo‘yicha qo‘llanilgan jarimalar jami 400 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etishi va SSP ularning hisobdan chiqarish bo‘yicha prezident qarori loyihasini tayyorlayotganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, tashabbuskor Savdo-sanoat palatasi bo‘lib, Soliq qo‘mitasi taklifni qo‘llab-quvvatlagan.