Kuni kecha Navoiy shahridagi 2-maktab direktori tashabbusi bilan o‘quv muassasasiga sartarosh chaqirilgani va dars payti turli sinflarda o‘qiydigan o‘g‘il bola o‘quvchilarning sochi olingani haqidagi xabarlar muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xabarlarda ta’kidlanishicha, jarayonni Milliy gvardiya xodimlari ham kuzatib turgan. Bundan oldinroq Navoiy shahridagi boshqa — 6-maktab o‘qituvchisi o‘quvchilarning ota-onalariga videomurojaat yo‘llab, maktabga krossovka kiyib kelish mumkin emasligini aytib, ularga tanbeh bergani haqida xabar berilgandi.

O‘zi maktabda o‘quvchilarning tashqi ko‘rinishi va kiyimiga nisbatan qanday talablar qo‘yilgan? Bu talablarni bajarmasa nima bo‘ladi? Bolalarning sochini majburiy tartibda oldirishga direktor qay darajada haqli edi? Ushbu maqolada huquqshunos Murodjon Najmiddinov ushbu masalaning huquqiy jihatlari xususida so‘z yuritadi.

Maktabda o‘quvchilarning tashqi ko‘rinishi va kiyimiga nisbatan qanday talablar qo‘yilgan?

“Bir vaqtlar Ovrupo vahshiy ekan, biz madaniy edik. So‘ngralari Ovrupo xalqlari maorif va madaniyat yo‘lida ishladi. Bu holga yetishdi. Biz tushdik, uxladik, ishlamadik, bu holga yetishdik. Bu kungacha Ovrupo xalqi osmonga uchar ekan, bizda soch va soqol nizolari, ovrupoliklar dengiz ostida suzar ekan, bizda uzun va kalta kiyim janjallari. Ovrupo shaharlari butun elektrik bilan isitilur va yoritilur ekan, bizda maktablarda jo‘g‘rofiya va tabiyat o‘qitish-o‘qitmaslik ixtiloflari… davom etdi”.

O‘rta Osiyo jadidchilik harakatining yo‘lboshchilaridan biri Munavvar qori Abdurashidxonov (1878−1931) tomonidan aytilgan ushbu masalalar, xususan, maktablardagi “soch va soqol, kalta va uzun kiyim janjallari” oradan bir asr o‘tsa hamki, ming afsus, o‘z dolzarbligini yo‘qotmayapti.

Maktablar ma’muriyati o‘quvchilarning tashqi ko‘rinishiga favqulodda muhim e’tibor qaratishidan bexabar kishi bo‘lmasa kerak — o‘quvchi qizlarning lab bo‘yog‘iyu tirnog‘i, o‘g‘il bolalarning sochiyu poyabzali doimiy diqqat markazida. Hatto bir safar “LGBTga qarshi kurash doirasida” Toshkentdagi maktablarning birida o‘g‘il bola o‘quvchilarning paypoqlari uzun-kaltaligi tekshirilgani ham hali ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan.

Xo‘sh, o‘quvchilarning tashqi ko‘rinishi va ust-boshi qanday bo‘lishi kerak?

O‘zbekistonda ta’lim sohasi 100 dan ziyod qonunchilik hujjati bilan tartibga solinadi. Shulardan biri, bu — hukumatning o‘quvchilar tashqi ko‘rinishi qanday bo‘lishi kerakligini belgilab bergan 2018-yil 15-avgustdagi qarori. Ushbu hujjat o‘quvchilar orasida kiyim-bosh masalasida sog‘lom muhitni shakllantirishga qaratilgan va asosli qoidalarni belgilagan bo‘lsa-da, bolalarning tashqi ko‘rinishini imkon qadar ma’lum bir tartibga solishga intilgan. Masalan, birinchi qoida — maktab formasi qanday talablarga javob berishi kerakligi haqida:

  • kiyimlar o‘ta tor yoki o‘ta keng bichimda bo‘lmasligi;
  • qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan kamida 5−15 sm pastda bo‘lishi;
  • o‘g‘il bolalar uchun shimning uzunligi oyoq to‘pig‘idan pastda bo‘lishi;
  • oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland bo‘lmasligi;
  • ko‘ylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarning qadalgan bo‘lishi;
  • kiyimlarning toza va dazmollangan bo‘lishi.

Ikkinchi qoida. O‘quvchilar maktab ichida bosh kiyimsiz yurishlari lozim. Faqatgina bir holatda — maktabda uyushtiriladigan turli tadbirlarda bosh kiyimga ruxsat berilgan. Qayd etish joiz, agar o‘quvchi maktab yetarli darajada isitilmagani, sinfxona sovuqligi sabab darsda bosh kiyimda o‘tirsa ham bu qoidani buzgan hisoblanadi.

Uchinchi qoida. Aholi turli millat va din vakillaridan iboratligi hamda majburiy ta’lim dunyoviyligi munosabati bilan o‘quvchilarning maktab formasiga turli din va konfessiyalar hamda turli submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmaydi.

To‘rtinchi qoida. Umumta’lim maktablarida:

  • o‘g‘il bolalar tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, soqol qo‘ygan, sochi 2−3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yagan holda;
  • qiz bolalar tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

O‘quvchilarning kiyim-boshiga nisbatan talablarda, umuman olganda, mantiq bor — bunda bolalarning ust-boshiga qarab tabaqalanishi, o‘zaro bir-birini kamsitishining oldini olish maqsad qilingan (ayni vaqtda, majburiy maktab formasining o‘zi bahsli bir mavzu ekanini ham rad etib bo‘lmaydi). Ammo bola (umuman, istalgan odam) o‘z tanasidan qanday foydalanishi mumkinligi va kerakligi davlat tomonidan belgilab berilishi qay darajada to‘g‘ri?

Konstitutsiyaga asosan har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Shunga ko‘ra, soch va soqol o‘stirish (va o‘stirmaslik), pirsing qo‘yish (va qo‘ymaslik), tatuirovka tushirish (va tushirmaslik), soch va tirnoqni bo‘yash (va bo‘yamaslik), sirg‘a va uzuk taqish (va taqmaslik) shaxsning faqat va faqat o‘zi tomonidan hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalardir. Birov o‘z burniga pirsing qo‘yishi jamiyat tomonidan qanday qabul qilinadi, qadriyatlarimiz va (aslida nimaligi hanuzgacha to‘liq anglab olinmagan) ma’naviyatimizga qay darajada mos keladi — mutlaqo ahamiyatsiz. Bunda e’tibor qaratilishi va hurmat qilinishi kerak bo‘lgan jihat — shaxsiy huquq. E’tiborga molik tomoni, soch va tirnoq uzunligi hamda ta’lim sifati o‘rtasida biror bog‘liqlik ham yo‘q.

Beshinchi qoida. Qizlarga faqatgina qishki o‘qish davrida yagona maktab formasiga mos shim kiyishga ruxsat beriladi. Aytish mumkinki, bu qoida ham jamiyatda shakllangan stereotiplardan kelib chiqqan. Shu o‘rinda, Kembrij universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqot haqida to‘xtalib o‘tish joiz: 135 mamlakatdagi 1 milliondan ortiq o‘quvchini qamrab olgan o‘rganishlar majburiy maktab formasi, ayniqsa, yubka va ko‘ylaklar boshlang‘ich sinflarda o‘qiydigan qizlarning faolligiga salbiy ta’sir qilishini ko‘rsatgan.

O‘quvchi bu talablarni bajarmasa nima bo‘ladi?

Deylik, o‘quvchi tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirdi. Maktab ma’muriyati bunday vaziyatda nima qiladi? Tatuirovkani qirib tashlaydimi yoki bolani darsga qo‘ymaydimi? Konstitutsiyaga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim majburiy. Soch, tirnoq yo tatuirovkani bahona qilib, mazkur konstitutsiyaviy kafolatni aylanib o‘tib bo‘lmaydi.

Unda maktab rahbariyati qoidalarni buzganlarga nisbatan qanday choralar ko‘rishi mumkin?

  • Ogohlantirish;
  • Kundalik daftariga qayd etish;
  • Tushuntirish ishlarini olib borish uchun ota-onasini xabardor qilish;
  • Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ta’lim muassasasidagi yig‘ilishlarda ota-onalar ishtirokida muhokama qilish.

Ammo bu choralar qay darajada samarali? Masalan, qiz bola maktabga shimda qatnasa, uni yubka kiyishga qanday “majburlash” mumkin? Maktab ma’muriyati o‘quvchiga ogohlantirish berdi. Holat ikkinchi kun ham takrorlandi. Bu safar ota-onasi o‘qishi uchun uning kundaligiga bu haqda yozib qo‘yishdi. Ammo bundan ham naf chiqmadi. Endi ma’muriyat bu masalani ota-onalar majlisi yoki mahalla faollari yig‘ilishida muhokamaga qo‘yishi mumkin.

Ota-ona ishtirokida muhokama ham o‘tkazildi deb tasavvur qilaylik — ular qizining qarorini qo‘llab-quvvatlasa-chi? Shundan keyin maktabda yana qanday “richag” qoladi? Ehtimol, maktab ma’muriyati bolani tarbiyalash va unga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaganlik yuzasidan ota-onani ma’muriy javobgarlikka torttirish tashabbusi bilan chiqar. Ammo quyidagilarga ko‘ra bu vaziyatda ma’muriy javobgarlikni qo‘llash mumkin emas:

Birinchidan, Konstitutsiya har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqini kafolatlaydi. Biror qonun yoki qonunosti hujjati (jumladan, soch uzunligini o‘lchashga asos beruvchi qaror ham) Konstitutsiyada keltirilgan prinsip va normalariga zid kelishi mumkin emas.

Shuningdek, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, har bir bola o‘z sha’ni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga ega. Shu bois, bola o‘zining konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanganligi uchun uning ota-onasi javobgarlikka tortilmaydi.

Ikkinchidan, yuqorida sanalgan talablar faqatgina davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga taalluqli. Ya’ni, hukumat qarori xususiy maktabdagi bolalarning kiyim-boshi va ko‘rinishini tartibga solmaydi.

Tasavvur qilaylik, sochi hukumat belgilab berganidan uzunroq bo‘lgan ikki bolaning biri davlat maktabiga, boshqasi xususiy maktabga qatnaydi. Davlat maktabida o‘qiydigan bolaning ota-onasi farzandining sochi uzun bo‘lgani uchungina “ta’lim va tarbiya berish borasidagi majburiyatlarini bajarmagan” degan vaj bilan javobgarlikka tortilishi mumkin. Ya’ni, bir holatga nisbatan ikki xil yondashuv vujudga keladi. Shunday holatda ma’muriy jazo qo‘llash qay darajada to‘g‘ri va adolatdan?

Vaholanki, ma’muriy javobgarlikni qo‘llash to‘g‘risidagi ishlar qonuniylik prinsipiga asoslanishi kerak. Konstitutsiya va boshqa qonunlar esa, yuqorida keltirilgandek, bolaning shaxsiy daxlsizlik va erkinlik huquqini e’tirof etadi. Qonunosti va qonun hujjati bir-biriga zid kelganida esa, tabiiyki, qonun hujjati qo‘llaniladi. Bundan tashqari, ishlar odillik prinsiplari asosida ko‘rib chiqilishi kerak. Talablarning faqat davlat maktablarining o‘quvchilari uchun qo‘llanishi bir holatga nisbatan ikki xil standartni yuzaga keltirmoqda.

Shunga qaramay, maktab o‘quvchilarining sochi uzunligi uchun ularning ota-onalariga jarima solish holatlari baribir uchrab turibdi. Bunday holatlarda fuqarolar jarima qarori ustidan shikoyat qilishi, huquqlarni talab qilishi lozim.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, bolaning o‘z tanasini idora qilish huquqi, xususan, sochini o‘stirish, uni bo‘yash, makiyaj qilish, tirnoq o‘stirish va boshqalar uning shaxsiy huquqi hisoblanadi va bu huquq davlat tomonidan kafolatlanadi. Kim tomonidan qilinishidan qat’i nazar — maktab direktori bo‘ladimi, milliy gvardiya yoki ichki ishlar xodimimi, farqi yo‘q — bolaning roziligisiz, uning irodasiga zid ravishda sochini olish (yoki uning kiyim-boshi va tashqi ko‘rinishiga nisbatan boshqa e’tirozlar) — noqonuniy xatti-harakatlardir. Maktablardagi “tartib va tarbiya”ni saqlashga qaratilgan bu singari majburlov choralari aks ta’sir ko‘rsatib, bolalarda chuqur ruhiy jarohat qoldirishi mumkin.