24-fevral kuni Sherzod Utkirovich Shokirov Dehqonobod tumani hokimi lavozimiga tayinlandi, deya xabar berdi Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Sherzod Shokirov 1982-yilda Koson tumanida tug‘ilgan. Tayinlovga qadar u Ko‘kdala tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Mazkur lavozimda u besh oyga yaqin muddat ishlagan Akrom Sulaymonov o‘rnini egalladi. Sulaymonov 2023-yilning oktabrida prezidentning Qashqadaryoga tashrifidan so‘ng tayinlangandi.

Shavkat Mirziyoyev yanvar oyida o‘tkazgan yig‘ilishida esa bir qator tuman-shaharlar qatorida Dehqonobodda ham sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda o‘sish bo‘lmagani munosabati bilan hokimning lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni topshirgandi.

Shanba kuni, shuningdek, Sardor Maxsudovich Palvanov Xiva tumanining hokimi bo‘ldi. Bu haqda Xorazm viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Sardor Palvanov 1987-yilda Urganch shahrida tug‘ilgan, 2013-yilda Urganch davlat universitetini agronomiya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

2016−2017-yillarda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Xorazm viloyati kengashi raisi o‘rinbosari, “Kamalak” bolalar tashkiloti raisi, 2017−2019-yillarda viloyat hokimining jamoat tashkilotlari va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri lavozimida faoliyat yuritgan.

Tayinlovga qadar u 2020-yilning avgustidan buyon Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan. Yangi lavozimda u 2021-yildan buyon ishlab kelayotgan Hurmat Matrasulov o‘rnini egalladi.