1-martdan boshlab Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3 va O4 toifalariga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi. Bu Shavkat Mirziyoyevning 21-fevraldagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2024-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Ushbu cheklovlar maxsus xizmat, jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va O‘zbekiston Qurolli kuchlarining yuk transport vositalariga taalluqli emas.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Transport vazirligi mazkur tartibning “to‘liq, sifatli va so‘zsiz” bajarilishi ustidan mas’ul etib belgilandi.

Malumot:

  • N2 toifasi — to‘la vazni 3,5 tonnadan yuqori, lekin 12 tonnadan ko‘p bo‘lmagan yuklarni tashishga mo‘ljallangan transport vositalari.
  • N3 toifasi — to‘la vazni 12 tonnadan yuqori yuklarni tashishga mo‘ljallangan transport vositalari.
  • O4 toifasi — to‘la vazni 10 tonnadan oshadigan tirkamalar.