Intuitive Machines kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan IM-2 missiyasining “Oddisey” (Odysseus) nomli uchuvchisiz qo‘nish moduli Sharqiy mintaqa vaqti bilan 22-fevral kuni soat 18:23 da (Toshkent vaqti bilan 23-fevral kuni soat 4:23 da) Oy sathiga qo‘ndi, deya xabar berdi AQShning NASA kosmik agentligi.

Meduza’ning yozishicha, “Odissey” 15-fevral kuni Yerdan start olgan edi. U Florida shtatidagi Kanaveral burnidagi kosmodromdan SpaceX Falcon 9 raketasi yordamida uchirilgan. Oyga yetib borishi uchun kosmik qurilmaga sakkiz kun vaqt kerak bo‘ldi.

“Odissey” qo‘nganidan ko‘p o‘tmay parvozni boshqarish markazi Oy sathidan signallarni qabul qila boshladi. Shundan so‘ng nosozliklar yuz berib, oradan ikki soat o‘tgachgina Intuitive Machines kosmik kema “vertikal holatga kelgani va ma’lumotlarni uzata boshlagani”ni ma’lum qildi.

“Odissey” Amerikaning yarim asrdan beri Oyga qo‘ngan ilk kosmik qurilmasi bo‘ldi — so‘nggi bor 1972-yili, astronavtlarni Oyga olib chiqqan “Apollon-17” missiyasi doirasida AQSh kosmik kemasi Oyga qo‘ngan edi.

NASA rahbari Bill Nelson “Odissey” missiyasini “insoniyat uchun muvaffaqiyat” deb atadi. “Bugun yarim asrda deganda ilk bor Amerika Oyga qaytdi”, — dedi Nelson, ushbu voqea bilan Intuitive Machines va NASA jamoasini qutlarkan.

CNN’ning qayd etishicha, Amerika kosmik agentligi “Artemida” dasturi doirasida Oyga astronavtlarga uchirishdan avval Yer tabiiy yo‘ldoshini xususiy pudratchilar tomonidan ishlab chiqilgan robotlar yordamida tadqiq etishga intilmoqda.

Ma’lumot uchun, 2023-yil avgustida Hindiston Oyning Janubiy qutbi hududiga “Chandrayan-3” avtomatik oy stansiyasini qo‘ndirgan edi. Hindiston shu tariqa AQSh, Xitoy va SSSRdan so‘ng Oyga o‘z kosmik apparatini qo‘ndira olgan jahondagi to‘rtinchi mamlakatga aylangan edi.

Hind apparati bilan deyarli bir vaqtda Rossiyaning “Luna-25” stansiyasi ham Oygacha yetib borgan, ammo u Yer tabiiy yo‘ldoshi yuzasiga qulab, ishdan chiqqan edi.