AOKAda 14-fevral kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Milliy gvardiya mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirdan so‘ng “Gazeta.uz” muxbiriga intervyu bergan vazirlik rasmiysi muntazam ravishda maktabga bormayotgan o‘quvchilar, buning sabablari va ota-onalarga nisbatan qo‘llanayotgan choralar haqida gapirdi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolovning aytishicha, ba’zi ota-onalar farzandini xorijga olib chiqib ketishi yoki ularni nazoratsiz qoldirishi oqibatida maktabga muttasil bormaydigan o‘quvchilar qatlami shakllangan.

maktabgaча va maktab ta’limi, ta’lim, ota-onalar

Azamat Kamolov. Foto: AOKA

“O‘zbekistonda umumiy o‘rta ta’lim majburiy ta’lim hisoblanadi. Biz surunkali dars qoldiruvchi o‘quvchilar bo‘yicha o‘rganishlar olib borganimizda ayrim ota-onalar „uch kunlik safar“, „davolanishga ketyapmiz“ degan turli sabablarni ko‘rsatib, farzandini xorijga olib chiqib ketgan holatlar aniqlandi. Natijada bola surunkali ravishda maktabga kelmaydi. Aslida, ota-ona voyaga yetmagan, aniqrog‘i, maktab yoshidagi farzandini xorijga ta’til vaqtida olib chiqishi va bundan maktab ma’muriyatini xabardor qilishi kerak. „O‘qib olim bo‘larmidi? Men bilan birga ishlab, oilamiz iqtisodiga ko‘maklashadi“ degan qarashlar bilan farzandini dars vaqtida maktabga emas, ishlashga jalb qilayotgan ota-onalar ham yo‘q emas. Shuningdek, ota-ona nazorat qilmasligi oqibatda uydagilarga „maktabga ketdim“, deb internet-kafe yoki boshqa ko‘ngilochar joylarda vaqt o‘tkazadigan o‘quvchilar borligi ham aniqlanmoqda. Mana shu kabi jarayonlarda o‘quvchilarni ta’limga qaytarish, oilalar va ota-onalar bilan ishlash bevosita inspektor-psixologlar (Milliy gvardiyaning maktablarga biriktirilgan xodimlari nazarda tutilmoqda — tahr.)ning zimmasiga yuklatilgan”, — dedi u.

Vazirlik vakili “Ta’lim sifatidan qoniqmay, maktabga emas, repetitorga borayotgan yoki sinfxonalar sovuqligi, yo‘llarning abgor ahvoldaligi sabab darslarda ishtirok etmayotgan o‘quvchilar bo‘yicha ham tahlillar mavjudmi?” degan savolga quyidagicha javob berdi:

“Kuzatuv tahlillarimizga ko‘ra, repetitorga, asosan, 10−11-sinf o‘quvchilari xorijiy tillarni o‘rganish yoki oliy o‘quv yurtiga kirishda bo‘ladigan test sinovlariga doir fanlardan tayyorlanishga boryapti. To‘g‘ri, o‘quvchilarning maktabga muntazam kelishi, davomatning yaxshi bo‘lishi ta’lim sifatiga va jozibadorlikka ham bog‘liq. Bugungi kunda ta’lim sifatini yaxshilash borasida ishlar qilinmoqda. Maktablarda ham ingliz tili darslari o‘tilyapti. Lekin o‘quvchi ota-onaning mablag‘ini olib, o‘quv markaziga borib, qo‘shimcha o‘rganyapti. Mana shu kabi muammolarni hal qilish uchun o‘tgan yili 500 nafar xorijiy til mutaxassislari chet eldan olib kelindi. Ular Respublika bo‘ylab turli maktablarda xorijiy tilni o‘qitmoqda, barchasining yashash joyi, maoshi davlat tomonidan qoplanmoqda. 2024−2025 o‘quv yilidan boshlab chet tilini o‘rgatish uchun xorijdan yana 1,5 ming nafar malakali mutaxassis olib kelinadi. Bu esa o‘quvchilarning o‘quv markazlariga borishining oldini oladi. Davlat maktablarda umumiy o‘rta ta’lim uchun hammaga teng sharoitni yaratdi. Ayrim ijtimoiy muammolar, albatta, mahalliy hokimliklar ko‘magida hal bo‘ladi. Bu masalalar sababli o‘quvchi darsga kelmasa, inobatga olinadi”, — dedi vazirlik boshqarma boshlig‘i.

Azamat Kamolovning ta’kidlashicha, oxirgi tahlillarga ko‘ra, 6 million o‘quvchidan 14 ming nafardan ziyodi muttasil ravishda darsga kelmayotgani aniqlangan.

“Ularning har biri bo‘yicha MFY raisi, „mahalla yettiligi“ va inspektor-psixologlar bilan hamkorlikda o‘rganishlar olib borilmoqda va ta’limga qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Natijada 9 mingdan ortig‘i ta’limga qaytarildi. Ayni paytda 5 ming nafar o‘quvchi bo‘yicha ham o‘rganish ishlari olib borilyapti”, — dedi vazirlik vakili.

Uning ma’lum qilishicha, 2023-yilda farzandi tarbiyasida mas’uliyatsizlik qilgan 12 mingdan ortiq ota-ona Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan javobgarlikka tortilgan.

“O‘tgan yili farzandi tarbiyasida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan, ya’ni majburiy ta’limga yubormagan, farzandi huquqbuzarlik sodir etgan va boshqa sabablarga ko‘ra 12 mingdan ortiq ota-onaga ma’muriy jarima qo‘llandi. Bunday choralarni qo‘llash — eng oxirgi chora. Ungacha ota-onalar bir necha marta ogohlantiriladi, „mahalla yettiligi“, jamoatchilik hamkorligida tushuntirish ishlari olib boriladi. Misol uchun, „Farzand meniki, uni xohlasam maktabga jo‘nataman, xohlamasam yubormayman“, „14 yoshga kirdi, bu menga yordamlashishi kerak, men bilan birga ishlab, oilaga daromad keltiradi“ deb qaraydigan ota-onalar ham bor. Yuqorida aytganimdek, ularga majburiy ta’lim bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib boramiz. Shunda ham tushunmasa, mas’uliyatini bajarmagani uchun ta’sir chorasi qo‘llanadi va o‘quvchining maktabga qaytarilishi ta’minlanadi”, — dedi Azamat Kamolov.

Oliy sud axborot xizmatiga ko‘ra, sudlar tomonidan 2024-yilning yanvar oyida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) 2-va 4-qismlari bilan 52 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning barchasiga jarima jazosi qo‘llangan.