Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov 17-fevral kuni Payariq tumanidagi 102-maktab o‘quvchilarining ota-onalari bilan uchrashib, farzand tarbiyasi masalasini muhokama qildi.

Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda o‘tgan yili voyaga yetmaganlar 3,5 ming jinoyat sodir etgani, 50 ming nafar bola muntazam ravishda maktabga bormayotganini aytgandi. “Nima uchun hokimlar har haftada bitta maktabga borib, o‘quvchilarning sharoiti va tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydi? Axir Bolalar masalasi bo‘yicha milliy komissiyaga hokimlar mas’ul emasmi?”, — degandi davlat rahbari.

Erkinjon Turdimov har bir ota-ona farzand tarbiyasiga mas’ul ekanini aytdi. Maktab o‘quvchilarining chet tillari va bitta kasbni egallashi muhimligini ta’kidladi.

“Eng yaxshi narsa nima? Farzandning otadan g‘ururlanishi emas, otaning farzanddan g‘ururlanishi. Qaysi ota-ona [maktabga] kiryapti? Maktabga kirsin, bolasini, hech bo‘lmasa, chiqartirib so‘rasa… darsga qelayotganini, qanday o‘zlashtirayotganini, kasbga o‘qiyotganini. Kasb o‘rganishini talab qilsa. „O‘zim-ku bo‘lmadim, mayli, nima bo‘lsam bo‘ldim. Endi bolam yaxshi o‘qisin. Bolam yaxshi o‘qisa, kasb o‘rgansa, til bilsa, bolam yaxshi yashaydi mendan. Mening tayanchim, suyanchim shu bolam bo‘ladi…“, deb, bolalarimizning bilimini berishimiz kerak-da”, — dedi viloyat hokimligi rahbari.

Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Asqar Umarovning aytishicha, 2023-yilda viloyatda 191 nafar voyaga yetmagan bolalar jinoyat sodir etgan bo‘lsa, shundan 60 foizi o‘g‘irlik, 2 tasi qotillik jinoyati hisoblanadi. 1283 nafar o‘quvchi maktabga muntazam qatnamaydi.

Yuqorida tilga olingan yig‘ilishda prezident maktablardagi 2000 ta inspektor-psixolog shtatini Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiyaga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq bergandi. Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayevga ikki oy muddatda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarliklarga qarshi immunitet”ni hosil qilish tizimini yaratish bo‘yicha topshiriq bergandi. Shu tariqa Milliy gvardiya maktablardagi davomat muammosini hal qilishga kirishdi.

Asqar Umarov xodimlariga o‘quv jarayoniga aralashmaslik, dars vaqtida davomatni tekshirmaslik bo‘yicha topshiriq berganini aytdi. Ular maktab direktori o‘rinbosarlari taqdim etgan ro‘yxatlar bo‘yicha ishlaydi.

Viloyat hokimining ta’kidlashicha, farzandi maktabni tashlab qo‘ygan ota-onalarga jarima solishdan avval o‘quvchilar darsga bormayotgan vaziyatlarni tushunib olish, ularni o‘z partalariga qaytarishga yordam berishga harakat qilish zarur.

Erkinjon Turdimov (chapda).Erkinjon Turdimov (chapda).

Erkinjon Turdimovning ta’kidlashicha, ko‘pchilik ota-onalar “hamma yaxshi narsalar mehmonga” degan tamoyil asosida yashab, “yerda uxlab yotgan” farzandlari uchun yaratilgan sharoitni unutib qo‘yishadi.

“Gilamning yaxshisi mehmonxonada turadi. Uyida ikkita televizor bo‘lsa, kattakonini mehmon ko‘rishi uchun mehmonxonaga qo‘yib qo‘yadi. Divan-kresloni mehmonxonaga qo‘yib qo‘yadi, stol-stulni mehmonxonaga qo‘yadi. Bola yerda yotib olib, orqasidan „lampochka“ tushadi, „lampochka“ turibdi, soyada ko‘zini pirpiratib dars qiladi. Bu hayot emas. Bolalaringga [eng yaxshisini] ber. Bolalaring yerda yotmasin”, — dedi u.

Hokim davom etdi: “Mehmon tagiga bitta qo‘y so‘ymasdan, o‘sha qo‘yni sotib… bolangga divan-krovat olib ber, divan-krovatda yotsin. Divan-krovat olib ber desang, „Ota-bobom yotmagan-ku, sen nima qilasan?“, deydi. O‘zi lekin Nexia minadi, eshak minmaydi”.

Erkinjon Turdimov ota-onalarning dunyoqarashini o‘zgartirish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq uzrli sababsiz dars qoldirayotgan bolalarning ota-onalariga farzandlarining ta’lim olishida javobgar ekani to‘g‘risida ogohlantirish xatlari yuborilayotgani haqida yozgan edik. Shuningdek, nega Milliy gvardiya maktablardagi davomatni tekshirayotgani to‘g‘risidagi izohlar ham e’lon qilingan.