Surxondaryo viloyati “Sariosiyo” temir yo‘l chegara bojxona postida vagonlarda yashirincha olib kirilayotgan sigaret mahsulotlari aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Yuk qo‘shni davlatdan Tojikistonga o‘tish uchun O‘zbekistonga kirib kelgan temir yo‘l poyezdi tarkibidagi vagonlarning biridan topilgan. Ya’ni vagonlarni skaner qilishga mo‘ljallangan inspeksion ko‘rik majmuasidan o‘tkazilganda rentgen tasvirlarida vagon ichida yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan tovarlar borligi ma’lum bo‘lgan.

Vagon bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda “Changyutgich”, “Kir yuvish mashinasi” va “Quruq sut” kabi tovarlar orasida aksiz markalari mavjud bo‘lmagan, umumiy qiymati 10 mlrd 50 mln so‘mlik 402 ming quti Esse Change sigaret mahsulotlari borligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.