O‘tgan hafta oxirida O‘zbekiston hududiga kirib kelgan sovuq havo massasi ta’siri yangi hafta boshida saqlanib turadi, deb xabar berdi O‘zgidromet xizmati agentligi.

Ushbu hafta davomida havo harorati asosan kechalari -3…−8 daraja sovuq, shimolda -7…−12 daraja sovuq, ba’zi joylarda -16 gacha sovuq, kunduzi 19−20-fevralda −3…+2 daraja iliq, 21−23-fevralda 0…+5 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Dushanba kuni kunduzi ko‘pchilik viloyatlarda ba’zi joylarda asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik kutilmaydi.

20-fevralda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, kechasi va ertalab Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida biroz qor yog‘ishi mumkin.

21−23-fevral kunlari asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushadi. Shamol shimoli-sharqdan 7−12 m/s tezlikda esadi.

Yo‘llarda yaxmalak kuzatiladi. Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi. Qor ko‘chishi xavfi bor.

Poytaxtda dushanba kuni kunduzi, shuningdek, 20-fevralda kechasi va ertalab vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi. 21−23-fevralda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol shimoli-sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi -3…−8 daraja sovuq, kunduzi 19−20-fevralda −2…+3 daraja iliq, 21−23-fevralda 0…+5 daraja iliq bo‘ladi.