Xalq deputatlari Chust tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tumanga yangi hokim tayinlandi, deb xabar bermoqda Namangan viloyati hokimligi.

Sessiyada viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov kun tartibidagi masala yuzasidan qilgan ma’ruzasida Chust tumanida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni sohalar bo‘yicha birma-bir tanqidiy tahlil qildi.

Shundan so‘ng deputatlar uning Bekzod Hamdamovni Chust tumani hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorini bir ovozdan ma’qulladi. Shuningdek, ular sobiq hokimning deputatlik vakolatini muddatidan oldin soqit qilish haqidagi arizasi yuzasidan kengash qarorini ham tasdiqladi.

Shundan so‘ng viloyat rahbari Chust tumani hokimi lavozimiga tavsiya etilgan nomzod — Baxtiyorjon Salimjonovni tanishtirdi.

“Muzokarada so‘zga chiqqanlar tumanning yangi hokimi atrofida jipslashib, hududni obod qilish, aholi turmush farovonligini yanada oshirishga hissa qo‘shishlarini ta’kidladilar”, — deyiladi xabarda.

Viloyat hokimining Baxtiyorjon Salimjonovni Chust tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, Bekzod Hamdamov bu lavozimga 2020-yili iyulida kelgandi. O‘shanda u sobiq hokim Bahodir Oxunov o‘rnini egallagan.