Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun 15-fevral kuni qabul qilindi.

Mazkur hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 29-dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2024-yil 19-yanvarda ma’qullangan va bu orqali 5 ta qonun JST bitimlariga uyg‘unlashtirildi.

Qonun bilan “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi, “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi, “Reklama to‘g‘risida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi va “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zgartirish va qo‘shimchalar Jahon savdo tashkilotining (JST) “Intellektual mulk huquqlarining savdo yo‘nalishlari bo‘yicha bitim” (TRIPS bitimi) talablariga uyg‘unlashtirildi.

Jumladan, JSTning Xizmatlar savdosi bo‘yicha bosh bitimi talablariga muvofiq chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar va mahalliy korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat bojining miqdori birxillashtiriladi — BHMning 1 baravari miqdorida. Bungacha xorij kapitali ishtirokidagi korxonalar uchun boj 10 BHM miqdorida edi.

Shuningdek, milliy intellektual mulk tizimini JSTning Intellektual mulk huquqining savdo bilan bog‘liq jihatlari to‘g‘risidagi bitimi talablariga uyg‘unlashtirish maqsadida:

  • hukumat tomonidan patent egasining ruxsatisiz undan foydalanishga ruxsat berish mumkin bo‘lgan aniq holatlar hamda ularga tovon puli to‘lanishini belgilab berish;
  • o‘zga shaxsga tegishli sanoat mulki obyektidan (patentdan) jamoat manfaatlari uchun majburiy litsenziya asosida foydalanish huquqini olish va bunday foydalanganlik uchun patent egasiga mutanosib miqdorda tovon pulini to‘lanishiga oid alohida normalarni kiritish;
  • patentlangan usuldan foydalanish jarayonida yuzaga keladigan nizolarda isbotlash majburiyatini aniqlashtirish;
  • insofsiz raqobat oqibatida ro‘yxatga olingan tovar belgilarini bekor qilish bo‘yicha da’vo muddatini bekor qilish;
  • mahalliy va xorijiy talabnoma topshiruvchilarga intellektual mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir xil imkoniyat yaratish, xususan, patent boji miqdorlarini norezidentlar va rezidentlar uchun birxillashtirish, shuningdek, mazkur yangi stavkalarni jismoniy va yuridik shaxslar kesimida belgilash;
  • ixtiro va foydali modellarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan patent bojining 90 foizi, ta’lim oluvchi shaxslarga, ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlarga 30 foizi, yuridik shaxs bo‘lgan kichik tadbirkorlik subyektlariga, davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan ta’lim tashkilotlariga va ilmiy tashkilotlarga 25 foizi miqdorida imtiyozlar berish;
  • original dori vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, xususan, dori vositasini yaratish jarayonida o‘tkaziladigan tadqiqotlar natijasida olinadigan klinikoldi va klinik sinovlar natijalarini himoya qilish;
  • sanoat mulki obyektlaridan tabiiy ofatlar, halokatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlarda foydalanilgan holatlarda ham huquq egasiga belgilangan miqdorda tovon puli to‘lanishni ko‘zda tutuvchi qoidalar kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2019-yilda mazkur xalqaro tuzilmaga qo‘shilish jarayonini qayta boshlagan. Mart oyida Jenevada ushbu jarayon bo‘yicha ishchi guruhning oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi. Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston uch davlat bilan muzokaralarni deyarli yakunlagan. Ishchi guruh tarkibiga jami 47 davlat kiradi, 31 davlat bilan faol muzokaralar olib borilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlardan biri ekanini aytgandi.

15-noyabr kuni O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Aziz O‘runov va Saudiya Arabistonining JSTdagi elchisi Saqer Almoqbel tovar va xizmatlar bozoriga chiqish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma imzolagandi.