O‘zbekistonda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN) ofisi ochildi. U Toshkent viloyatidagi yangi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da joylashgan.

10-fevral kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda IUCN bosh direktori Gretel Agilar, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari atrof-muhit vazirlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

“Hozirda sayyoramiz 3 ta asosiy muammo — iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik va atmosfera havosi ifloslanishi bilan yuzlashmoqda. Bu muammolarni hal qilish uchun barcha davlatlar birga harakat qilishi lozim. Biz O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari bilan birga mintaqamiz ekotizimini himoya qilishga qaratilgan yangi loyihalarni amalga oshiryapmiz. IUCN ofisining ochilishi esa bu boradagi muhim qadamlardan biridir”, — dedi Gretel Agilar.

Aziz Abduhakimov IUCN ofisining ochilishi O‘zbekiston va ittifoq o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

“Birgalikda atrof-muhitni muhofaza qilish, yerlarni tiklash, iqlim o‘zgarishi sharoitida barqarorlikni ta’minlash va boshqa maqsadlarga xizmat qiladigan loyihalarni yo‘lga qo‘yganmiz. Bu, albatta, bugungi mintaqadagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qiladi. IUCN`ning Toshkentdagi ofisi Markaziy Osiyo davlatlari, hamkorlar va ekspertlar hamjamiyatlari bilan yaqinroq aloqa o‘rnatish imkonini beradi”, — dedi vazir.

“Biz tashkilotning mintaqamiz flora va faunasini saqlab qolishdek xayrli faoliyatiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyormiz”, — dedi bir kun avval prezident Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2021-yilda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqiga a’zo bo‘lgan. U eng qadimgi va nufuzli tabiatni muhofaza qilish tashkiloti bo‘lib, hukumat va fuqarolik jamiyati tashkilotlaridan iborat.

IUCN BMT Bosh Assambleyasida kuzatuvchi maqomiga ega va butun dunyo bo‘ylab 1400 dan ortiq a’zo tashkilotlar va 15 000 dan ortiq ekspertlarning tajribasi, resurslari va imkoniyatlaridan foydalanadi.

green university, iucn, xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqи

Green University prezidentning 2023-yil 31-maydagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Universitetda ekologiya huquqi, barqaror moliya, ekojurnalistika va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Avvalroq “Gazeta.uz” u haqida batafsil yozgandi.

green university, iucn, xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqи

Yangi eko-universitet va IUCN ofisi ochilishi Samarqandda o‘tkazilayotgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yig‘ilishi to‘g‘ri keldi.