Alerte Héritage madaniy meros observatoriyasi o‘nlab binolarni buzish evaziga qurilishi aytilgan Buxoro shahridagi sayyohlik markazi loyihalari to‘g‘risida yana bir bayonot berdi. Tashkilot ushbu rejalar haqida 2023-yil yanvar oyida xavotir bildirgandi.

Bayonotda Buxoro viloyati hokimligi binosining rejalashtirilgan turizm hududida tutgan o‘rni alohida qayd etilgan. U dastlab O‘zSSR Kommunistik partiyasining Buxorodagi qo‘mitasi uchun qurilgan. Uning me’morlari — Richard Blez (u Toshkent markazidagi “Sharq” nashriyotining 16 qavatli binosini ham loyihalashtirgan), A.Kuranov, N.Kuranova, T.Abramova, L.Xristich. Muhandislar: O.Braverman (GIP), R. Kim, N.Nichushkinalar edi.

“Ma’muriy bino o‘zbekistonlik mashhur me’mor Richard Blez (1986) loyihasi bo‘yicha qurilgan oxirgi yirik obyektdir. Me’mor o‘z ishida asosiy e’tiborni strukturaning ifodaviyligi, yorug‘lik va soya effektlari hamda kompozitsion strukturaning yaxlitligini ishlab chiqishga qaratgan”, — deyiladi Alerte Héritage bayonotida.

“Toshkentdagi nashriyot binosi loyihasidan boshlab, zinapoya-lift bloklari uning ko‘p qavatli loyihalari plastik bo‘lishida alohida o‘rin tutgan. Ularning atrofida inson oqimlari va komplekslarning ish joylari taqsimlangan. Blez klassik arxitektura elementlari: stilobat, ustun va antablaturaning modernistik tarzda qayta talqin qilinishiga alohida e’tibor qaratdi, bu esa o‘zining baland binolarida yorqin individual talqinni aks ettirdi”, — deyiladi bayonotda.

“Buxoro hokimligi binosida stilobat asosiy kirish eshigiga olib boruvchi hajmlar tizimi sifatida, antablatura esa lift bloki ustida chiqib turuvchi parallelepiped shaklidagi „stalaktitlar“ va oxirgi iqqi qavatni balkonli galereya bilan bog‘lovchi sifatida ishlab chiqilgan. Xuddi shunday kompozitsiyaga ega bino — Toshkentdagi axborot-hisoblash markazi qurilishi tugallanmadi va endi uni yo‘qolgan deb hisoblasa ham bo‘ladi”, — deyiladi tashkilot xabarida.

“2000−2010-yillarda nashriyot binosining ko‘plab elementlari almashtirilganini hisobga olgan holda, bugungi kunda Buxoro hokimligi binosi Blezning asari bo‘lib, u o‘zining me’moriy yodgorlik fazilatlarini to‘liq saqlab qolgan, shuningdek, uning oldidagi obodonlashtirilgan bulvar — O‘zbekistonning noyob modernistik bulvarlaridan biri bo‘lib, ular ham o‘z tuzilishini bugungi kungacha saqlab kelmoqda”, — deya ta’kidlaydi Alerte Héritage.

Tashkilot xabariga ko‘ra, YUNESKO bufer zonasiga kiritilgan kvartal va Blez binosini o‘z ichiga olgan har qanday rekonstruksiya “atrofdagi binolarni o‘rganishda uni saqlash va hurmat bilan ko‘rib chiqishni o‘z ichiga olishi kerak”.

“Aks holda, garchi yaratilayotgan yangi tuzilmaga tarixiy va yangi obyektlar uchun foyda keltirishi mumkin bo‘lsa ham, Buxoro shaharsozlari „Toshkent-siti“ qurilishi paytida Kinochilar uyi vayron qilingani kabi dramatik xatoni takrorlashi xavfi bor”, — deya ta’kidladi tashkilot.

Etnografik sayyohlik markazi 32,6 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda o‘nlab davlat obyektlari, jumladan, viloyat va shahar hokimliklari binolari, stadion joylashgan. O‘tgan yili loyiha fuqarolarning noroziligidan keyin to‘xtatilgandi, ammo yanvar oyi oxirida rasmiylar yana markazni qurish loyihasini e’lon qildi.

Alerte Héritage avvalgi bayonotida “Buxoro markazi uchun ishlab chiqilgan yangi loyiha tashvish va ko‘plab savollarni tug‘diradi. Nima uchun shahar hokimiyati fuqarolar bilan shaffof va samarali maslahatlashuv o‘tkazmadi? Nima uchun shahar uchun mas’ul tashkilotni tanlashda ochiq tender e’lon qilinmadi? Nega me’moriy dizayn tanlovi o‘tkazilmadi?” — deya savollar qoldirgandi.