Futbol bo‘yicha Qatar milliy terma jamoasi 7-fevral kuni Osiyo kubogi yarim finali doirasida Eronni 3:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Musobaqa mezbonlari kubok uchun Iordaniya bilan bellashadi.

Qatar Tojikiston, Xitoy va Livan bilan birga musobaqaning A guruhidan joy olib, maksimal 9 ochko (3 g‘alaba) jamg‘ardi. So‘ng yarim finalgacha bo‘lgan yo‘lda Falastin (2:1) va O‘zbekiston (1:1, penaltilar seriyasida 3:2) ustidan g‘alabaga erishdi.

Iordaniya esa E guruhida Bahrayn, Janubiy Koreya va Malayziya bilan bellashib, 4 ochko (1 g‘alaba, 2 durang) yig‘di. Eng yaxshi 4 ta uchinchi o‘rinlar qatorida pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Iordaniya kutilmaganda Iroq (3:2) va Tojikistonni (1:0) mag‘lub etdi. Yarim finalda Janubiy Koreya ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan jamoa o‘z tarixida ilk bor ushbu musobaqa finaliga chiqdi.

Final o‘yini 10-fevral, shanba kuni soat 20:00 da (O‘zbekiston vaqti bilan) bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston ushbu turnirda B guruhidan joy olgandi. Avstraliya (1:1) va Suriya (0:0) bilan durang hamda Hindiston ustidan g‘alaba (3:0) qayd etgan jamoa nimchorak finalda 2:1 hisobida Tailanddan ustun keldi. Chorak finalda esa musobaqaning amaldagi g‘olibi Qatar bilan o‘yinda penaltilar seriyasida mag‘lubiyatga uchrab, musobaqani tark etdi.

O‘yindan so‘ng yarim himoyachi Odiljon Hamrobekov Qatarga qarshi o‘yindan oldin futbolchilar penaltilar seriyasi uchun mashq qilmaganini aytdi. So‘nggi zarbani golga aylantira olmagan Jaloliddin Masharipov muxlislardan kechirim so‘rab, jamoa jahon chempionatiga chiqa olishiga ishontirdi.

Terma jamoa bosh murabbiyi Srechko Katanetsning fikricha esa, Qatar bilan o‘yindagi mag‘lubiyatdan xafa bo‘lmaslik kerak, chunki jamoa turnirda yaxshi qatnashdi. Murabbiy uning iste’fosi haqidagi savolga “Hazillashyapsizmi?”, deb javob berdi.