2023-yilda O‘zbekiston banklaridagi umumiy pul tushumlarining hajmi (naqd pul va terminallar orqali) 669 trillion so‘mni tashkil etdi, bu 2022-yilga nisbatan 28 foizga ko‘p, deyiladi Markaziy bank sharhida.

марказий bank, naqd pul, pul мuомаласи

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, banklarga naqd pul tushumlari yil davomida 20 foizga oshib, 414 trillion so‘mni tashkil etgan. Shunga qaramay, naqd pul ulushi 66 foizdan 62 foizga tushgan (2021-yilda 69 foizni tashkil etgandi).

Terminallar orqali tushumlar 44 foiz — 255 trillion so‘mga, ularning ulushi — 34 foizdan 38 foizga (2021-yilda — 31 foiz) o‘sdi.

марказий bank, naqd pul, pul мuомаласи

2023-yilda bank kartalariga 789 trillion so‘m kirim qilingan, bu avvalgi yilga nisbatan 1,4 barobar ko‘p. Kartalarga tushgan mablag‘lar tobora kamroq naqd pul shaklida yechib olinmoqda: 2019-yilda 31,9 foiz, 2020-yilda — 34,4 foiz, 2021-yilda — 31,7 foiz, 2022-yilda — 26,9 foiz, 2023-yilda — 24 foiz.

марказий bank, naqd pul, pul мuомаласи

Naqd pulning umumiy pul massasidagi (M2) ulushi joriy yilning 1-yanvar holatiga 21,5 foizni tashkil etdi, bu 2022-yilgi o‘sishdan keyin o‘tgan yilga nisbatan 0,8 foizga kam. Taqqoslash uchun: muomaladagi naqd pulning ulushi 2019-yilda 27 foizga, 2020-yilda 23 foizga, 2021-yilda 19,7 foizga, 2022-yilda 22,3 foizga yetgan.

M2 muomaladagi (bank tizimidan tashqari) naqd pul mablag‘lari, boshqa moliya institutlari, davlat nomoliya tashkilotlari, xususiy sektor va jismoniy shaxslarning milliy va xorijiy valyutadagi o‘tkazuvchan, jamg‘arma va muddatli depozitlarini o‘z ichiga oladi.

2019-yil may oyida Markaziy bank boshqaruv raisi Mamarizo Nurmuratov naqd pulning iqtisodiyotdagi ulushi yuqori ekanini O‘zbekiston rezidentlari oldi-sotdi operatsiyalarini asosan bozorlarda amalga oshirayotgani bilan izohlagan edi.

“Har bir mamlakatda umumiy pul massasidagi naqd pul ulushi savdo-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanganlik darajasiga bog‘liq. Bizning xalqimiz 80 foiz oldi-sotdini bozorlarda amalga oshiradi. Shu sababdan naqd pul ulushi bizda Yevropa va boshqa davlatlar bilan taqqoslanganda yuqori. So‘nggi ikki yilda biz [muomaladagi naqd pulning] 26 foizlik ulushi bilan ish olib bormoqdamiz. Avval 40 foiz edi. Naqd pul ulushi qancha yuqori bo‘lsa, xufyona iqtisodiyotning rivojlanishi uchun xatarlar shuncha baland bo‘ladi”, — degandi u.

Shavkat Mirziyoyev yanvar oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston davlat budjetiga yashirin iqtisodiyotdan ko‘rilgan zarar 30 trillion so‘m, yalpi ichki mahsulotga yetkazilgan zarar esa 135 trillion so‘mni tashkil etishini ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yashirin iqtisodiyot to‘g‘ri ishlayotgan tadbirkorlarga katta to‘siq bo‘lmoqda.

Misol uchun, 27 mingta qurilish korxonasining 41 foizi yoki 10 947 mingtasi hisobotida faqat bir nafar ishchisini rasmiy xodim sifatida ko‘rsatgan bo‘lsa, shundan 2249 tasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Ushbu korxonalar tomonidan o‘tgan yil davomida 4 trillion so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning ma’lum qilishicha, qurilish sohasida ish o‘rinlarini qonuniylashtirish maqsadida 2024-yil 1-apreldan boshlab ayrim obyektlarni qurish uchun zarur bo‘lgan ishchilar soni me’yorini joriy etish rejalashtirilmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu birinchi bosqichda davlat budjetidan moliyalashtiriladigan qurilishlarga qo‘llanadi.

Rasmiylar naqd pul muomalasini qisqartirish va ayrim to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali to‘lash variantini ham ko‘rib chiqmoqda.

1-fevraldan tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi joriy qilindi. Reytingi yuqori bo‘lgan tadbirkorlar uchun barcha soliq tekshiruvlari bekor qilinadi, QQS summasi bir kun ichida, boshqa soliq turlari bo‘yicha ortiqcha to‘lovlar uch kun ichida qaytariladi. Tovar va xizmatlarni import qilish va sotishda to‘langan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish tartibi qo‘llanadi.