Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, eskirgan protokollar va davolash standartlari bilan bog‘liq muammolar haqida gapirdi, deya xabar qildi davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Prezident so‘nggi yetti yilda tizimda 7 ta vazir almashgani, lekin sohani raqamlashtirish, tibbiy sug‘urtani joriy qilish sust kechayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kasalga aniq tashxis qo‘yish va davolashda vrachlarning aksariyatida texnologik karta mavjud emas, ayrim protokollar esa eskirgani. Poliklinika va shifoxonalarda xalq tabobati xonalari va fitobarlar tashkil qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning Loyiha ofisiga xorijiy ekspertlarni jalb qilib, 300 ta klinik protokol va standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish topshirildi.

Davlat rahbari oilaviy shifokorlarga kasalligi yengil bo‘lgan bemorlarni dori bilan emas, immunitetni ko‘taradigan tabiiy vositalar, jismoniy mashq va fitoterapiya bilan davolashni o‘rgatish muhimligi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish talabiga javob beradigan tizim hali ham yaratilmaganini qayd etdi.

So‘nggi yillarda bepul davolanish uchun orderdan voz kechildi. Mablag‘ni muassasadagi o‘rinlar soniga emas, bemorlar soniga qarab ajratish tizimi yaratildi. Lekin, haligacha bemorlarda tanlash huquqi yo‘q. Bundan tashqari, viloyat shifoxonalariga yo‘llanma olish haligacha raqamlashmagan, deyiladi xabarda.

Viloyat shifoxonalarini ham elektron yo‘llanma tizimiga ulash, bu tizimda xususiy klinikalar ishtiroki mezonlarini ishlab chiqish topshirildi.

Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov.Sog‘liqni saqlash vaziri vazifasini bajaruvchi Asilbek Xudayarov.

Prezident ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida zamonaviy boshqaruvni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidladi, pullik xizmatlar narxi shaffof emasligini tanqid qildi.

Shu munosabat bilan 23 ta markaz, 12 ta tibbiyot oliygohi, 2 ta shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlari malakasini oshirish markazlarining har biriga zamonaviy menejerlarni ishga olib, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish topshirildi.

Qolaversa, bu ishlar orqali shifokor va hamshiralarni yangicha o‘qitish, davolash sifatini oshirish, dori yozishni kamaytirish, eng muhimi — rivojlangan klinikalar muhitini olib kirish muhimligi qayd etildi.

So‘nggi ikki yilda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga budjetdan 90 milliard so‘m yo‘naltirilgan, lekin natija kutilganidek bo‘lmagan.

Tuman, viloyat va respublika tashkilotlari 10 ga yaqin axborot tizimlarini ishlatyapti, lekin ularning hammasi ham bir-biriga bog‘lanmagan. Birlamchi bo‘g‘in raqamlashmagani bois shifokor vaqtining uchdan ikki qismi hisobot to‘ldirishga ketyapti.

Prezidentimiz “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona” va “Elektron tibbiy karta” tizimlarini ishga tushirish, kafolatlangan paketga kirgan dorilarni elektron retsept asosida berishni yo‘lga qo‘yishni topshirdi.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev bosh vazirga ijtimoiy soha vazirlari, shuningdek, ularning o‘rinbosarlari va hokim o‘rinbosarlari bilan bir yillik shartnomalar tuzish, ular uchun KPI belgilash bo‘yicha topshiriq bergani xabar qilingandi.

Davlat rahbari, shuningdek, onkologik bemorlarga dorilar vaqtida yetib bormasligiga sabab bo‘layotgan “o‘yinlar”ni ham tanqid qilgandi. “Endokrinologiya, kardiologiya, shoshilinch xizmatda ham bunday faktlar yetarli”, — dedi u. Davlat rahbari, shuningdek, dorilarning yashirin aylanmasiga yetarli chora ko‘rilmayotgani haqida ham gapirgan.