Sobiq hokim va tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev “Lolazor” podkastida ommaviy axborot vositalari va blogerlar haqidagi fikrlarini bildirdi.

Jurnalistlar va blogerlarning tanqidini yuragiga qanchalik yaqin olishi haqidagi savolga javob berar ekan, tadbirkor “menda immunitet bo‘lmaganida, o‘lib qolib bo‘lgan bo‘lardim „uje“ buncha tanqidlardan, uncha-munchasi ko‘tarolmaydi”, — dedi.

Unga ko‘ra, podkast ishtirokchilari — bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiyev, moliyachi Otabek Bakirov, jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev, jurnalist va dizayner Laziz Hamidov obunachilarining umumiy soni 1−1,5 million kishidan oshmaydi, bir aktrisada esa 5 million kishi bo‘lishi mumkin.

“Siz 1 millionlik ovozingiz bilan… hammayoqni „reshat“ qilib tashlayotgandek, faqat jamoatchilik sizlarning orqanglardan ergashayotgandek, siz zo‘rsizlar, hamma sizlarga ergashayotgandek. Gapimni kesib tashlamaysizmi? Tuyuladi sizlarga. Keyin anavi yerda yoshlarga aytasanki — yosh avlod, 30 yashar yigit — Xushnudni taniysanmi? — Qaysi Xushnud? — Bloger-chi? — Tanimayman. Siz mana bu Munisa [Rizayeva]ni (xonanda) taniysizmi, deydi yoki Hamdam Sobirovni taniysizmi, deydi. — Otabek Bakirovni taniysizmi? — Yo‘q, nima qilaman men ularni? „Sen jamoatchilik emasmisan?“, — deyman men. „Men jamoatchilikman, ular bilan nima ishim bor meni?“, — deydi”, — dedi sobiq hokim.

Tadbirkorning aytishicha, “maksimal 1,5 million obunachisi bo‘lgan 5−6 nafar bloger” o‘zini haq deb hisoblaydi va jamoatchilik nomidan gapiradi.

“Agar Magic City sizning 10 ta “podpischik"ingizga yoqmayotgan bo‘lsa, butun O‘zbekistonga yoqmayotgandek qilib ko‘rsatasizlar. Kechirasiz, o‘sha yerda “odnovremenno” turganlarning (aktyor va qo‘shiqchilarni nazarda tutayotgan bo‘lishi mumkin — tahr.) “podpischik"ini hisoblasangiz, 50 million bordir… Kechirasizlar-ku, Xushnud aka, oxirgi paytlarda bir xil blogerlar bor-ku, shunaqa oyog‘i yerdan uzildi, o‘zini, bilmayman, kim deb o‘ylayapti, hamma narsani hal qilib tashlayman, deb o‘ylayapti”, — dedi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalist va blogerlardan “sal pastroqqa tushishni” so‘radi.

“Siz jamiyat emassiz faqat. Jamoatchilik sizlardan iborat emas. Sizlardan ko‘proq bitta likillaganroq qiz [mashhur]. Lekin farqi bu: siz birovni bilmasdan turib „informatsiyasi“ orqali „podpiska“ yig‘yapsiz… U odam [o‘sha qiz] o‘zini yarim yalang‘och ko‘rsatib. Kimning gunohi ko‘proq? Men bilmayman. Misol uchun, „informatsiya“ to‘g‘ri bo‘lishi uchun ikki tomondan nima [fikr — tahr.] olish kerak… Siz jamoat fikrini ma’lum miqdorgacha o‘zgartirishingiz mumkin, lekin bu [butun] O‘zbekiston degani emas. Biroz pastga tushish kerak”, — dedi u.

Tadbirkor jurnalist va blogerlarni Toshkent markazini kezib, bu haqdagi odamlarning fikrini bilishga taklif qildi.

“Men o‘sha Eski shaharga borib, xonim ham olib yeyolaman, somsa ham olib yeyolaman hozir. Borsam, hurmatimni ham qilishadi. Anavi kuni nonga kirsam o‘sha joyga, pul olmayman deydi novvoylar “Chorsu"da. Xursand bo‘ldim, lekin berdim”, — dedi u.

blogerlar, jahongir ortiqxo‘jayev, jurnalistika, jurnalistlar, uyushgan jinoiy jurnalistika

Muassislarni almashtirish va ajratilgan yerlarni sotishda davlat ruxsati zarurligi muhokama qilinar ekan, Jahongir Ortiqxo‘jayev e’tiroz bildirdi va davlat “siz tasavvur qilganchalik nazoratsiz emasligini” ta’kidladi. Unga ko‘ra, jazo muqarrarligini ta’minlaydigan nazorat organlari mavjud.

“„Hey, to‘xtanglar, o‘zi gap boshqa yoqda, sizlar eshitinglar“, deyishga ham „uspet“ qilmaydi odam. Birdaniga sizlarda shunaqa narsa bor… „OPG“ bor-ku — „organizovannaya prestupnaya gruppirovka“ [uyushgan jinoiy guruh — tahr.]. Men „OPJ“ deyman — „organizovannыye prestupnыye jurnalistы“ (uyushgan jinoiy jurnalistlar)… 16:47 da bitta narsa chiqadi sizda… Uni „perepechat“ qilish uchun kamida 3,5 minut vaqt kerak, rosa harakat qilganman. 16:47 daqiqaning 37 soniyasida „paqillatib“ hammanglarda chiqadi. Bu tasodifmi? Tushunyapsizmi?” — so‘radi u.

Sobiq hokim har bir mutaxassisning o‘z uslubi bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi, “undan olib „perepechat“ qilish tarbiyasizlik va o‘zining fikri yo‘qligidan [dalolat]”.

“Ko‘p kuzatganman: 16:47 [da post chiqadi], qarab turlaring deyman, mana bularda 37 sekunddan keyin chiqadi, deyman… „Organizovannыye prestupnыye jurnalistы“ deyman, hozir boshlaydi, qarab tur, deyman. 16:47 da hamma bosadi. Men kimligini ham aytib berishim mumkin. 12 tacha bor, masalan, o‘zinglar ham bilasizlar. Men bu tasodifmi deyman yoki „davay, bolalar, knopkani bosamiz, tayyormi? Ortiqxo‘jayevning sho‘riga sho‘rva to‘kilibdi, davay bosamiz“. Taq-taq-taq!” — deb, avtomatdan otilgan o‘q ovoziga taqlid qildi.

Tadbirkor jurnalistlar “ularni hurmat qilishlari” uchun o‘z mahsulotlarini xorijda ham o‘tkaza olishi kerakligini aytdi.

“Men mahsulotimni eksport qila oldim. Siz o‘z “statya"ngizni eksport qila oldingizmi? Sizni chet elda o‘zbekdan boshqasi taniydimi, o‘qiydimi?”, — so‘radi u.

Otabek Bakirov iqtibos keltirishni eksport deb atash mumkinligini tushuntirdi, Xushnudbek Xudoyberdiyev esa til to‘siqlari borligini qayd etdi.

“Menda texnika bareri bor edi, injener bareri bor edi. Men injener olib keldim, texnika olib keldim. Sizda rostdan ham shoxingiz bo‘lsa, odamingiz bo‘lishi kerak, inglizchaga „perevod“ qilish kerak, Bakirov Company bo‘ladimi, bilmayman. Siz mahsulotingizni eksport qila olmadingiz. Hech kim sizlarni eshitmaydi. Siz Toshkentda, 1,5 million obunachiga ega davradasizlar… Uzr, men ehtiroslarga berilib ketgan bo‘lsam. Sizlar o‘ylaysizlar titratib yuboramiz hamma narsani, deb. Balki qilolarsiz… Lekin siz eksport qila olmadingiz mahsulotingizni. Shuning uchun men aytmoqchimanki, siz sifatsiz kontentsiz chet elliklar uchun” — deydi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Tadbirkorning fikricha, O‘zbekistonga xorijiy OAV kirib kelsa, mahalliy jurnalist va blogerlar raqobatga dosh bera olmaydi.

“Bu bilmayman qaysi [OAV bo‘lishi mumkin], bu mening soham emas. Agar soham media bo‘lganida bor-ku, men siz bilan choy ichib o‘tirmasdim. Sizni sochib tashlagan bo‘lardim. Tushuntiroldimmi?” — dedi u.

Undan 2019-yilda yopilgan Togri.uz loyihasi bilan aloqasi haqida so‘rashdi. “Menda unaqa narsa bo‘lmagan. Men shug‘ullansam, eng zo‘rini qilaman. Agar mening ishim „pressa“ bo‘lsa, zo‘rini qilardim”, — dedi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, jiyaniga tegishli bo‘lgan (ammo 2021-yilda kanalning savdo belgisi sobiq hokim kompaniyasiga tegishli edi) Zo‘r TV telekanalini OAV deb hisoblamaydi.

“Zo‘r TV`ni sizning kontentingiz bilan bog‘lamang. Siz u yerda “gruppa"lardan kichkinasisiz… Zo‘r TV`da 10 million “prosmotr” bor. Zo‘r TV “mejdunarodnыy”, chet el kuzatadi, misol uchun. U mening nomimda ham emas, jiyanim o‘zi yurgazadi, o‘sha vaqtda olgan, “prosto” menga bog‘lashadi u narsani… Agar men shug‘ullanganimda, boshqa kontent bo‘lardi”, — dedi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev bundan avval siyosatdan ketgani, Magic City bog‘ini sotgani haqida gapirgan edi.