Toshkent shahrining sobiq hokimi, tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayev “Lolazor” podkastida Milliy bog‘ hududidagi Magic City ko‘ngilochar bog‘i loyihasi qanday paydo bo‘lgani haqida gapirib berdi.

“Taxminan 2016-yillarning oxirida Toshkentda bir tadbirkor Rohat tarafda „Disneylend“ quraman deb so‘z bergan. Qurolmadi… Shunda biz taklif bilan chiqdik. Shu joy [Milliy bog‘]ni olamiz, shunaqa joy [Magic City]ga aylantiramiz. Orqasida attraksionlar va kichkina akvaparkchalar ham bo‘lishi kerak edi. Keyin biz uning mohiyati yo‘qolib qoladi, deb undan o‘zimiz voz kechdik… Biz kichkina shaharda shunaqa odam bo‘lishi kerak, boshqa bo‘lishi kerak deb Magic City ko‘rsatildi, taqdimot qilindi va qabul qilindi. 49 yilga 55 mln dollar investitsiya kiritish sharti bilan ijaraga berildi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, majburiyatlar bajarilgan, kerakli summa oshig‘i bilan investitsiya qilingan.

“Xuddi shunaqa qaror „Alpomish“ sport saroyiga ham chiqqan. Xuddi eski holatidek qilib tiklash kerak bo‘lgan. U umuman foyda keltirmayigan saroy edi. Qildikmi, qildik. Uni gapirmaysizlar sizlar. „Alpomish“ qanday bo‘lgan bo‘lsa, shunday joyiga qo‘yganmiz biz. Magic City masalasi [sotilishi] bo‘yicha, to‘g‘risini aytaman, muammo ko‘p: ijarachilar bor, boshqasi bor, ming nafar odam keladi, tadbirlar bo‘ladi, odamlar yig‘iladi, favvoralar otiladi, mushak otadi… Ammo menda boshqa g‘oyalar ham bor, bu bilan chegaralanib qolgan joyim yo‘q-ku?” — dedi u.

Sobiq hokimning aytishicha, u aslida 7 emas, 12 ta MJCHni sotgan (avvalroq “Gazeta.uz” ularning ayrimlari haqida yozgandi). Uning kompanisida iqtidorli menejerlar boshchiligidagi loyiha guruhlari ishlaydi, ular orasida loyihalar taqsimlab boriladi. Guruhlar xorijga chiqib kelib, loyihalarni O‘zbekistonga moslashtirish ustida ishlaydi.

“Loyihalar tayyor turaveradi. Agar ularning yaxshi texnik-iqtisodiy asoslari bo‘lsa, pulimizga qarab amalga oshirishga harakat qilamiz. Agar hozirgi bozor sharoitlariga to‘g‘ri kelmasa, tashlab qo‘yaveramiz. Bizda 200−400 ta loyiha turadi. Guruhlar ishlaydi, muhokama qiladi, boshqaradi. Shundan keyin u joy jozibador joyga aylanadi, odamlar kelishni boshlaydi, pul to‘lashni boshlaydi. Lekin menga bu allaqachon ortiqcha. Men boshqa loyihani qilishim kerak. Hammasi meniki bo‘lsin, meni cho‘ntagimda bo‘lsin — unaqa narsalarni yomon ko‘raman”, — dedi u.

“Keyin ularga [menejerlarga] aytaman, mana shu kompaniya, sen egasi bo‘l, mening bankdan kreditim bor, shu qarzimni bo‘yninga olasanmi, olsang, 5−10 yilda qutilasan, seniki bo‘lib qoladi, rozimisan [deyman]. Oladi, nima bo‘ladi natijada? U o‘ziniki bo‘lganidan keyin mendan ham, oldingidan ham ko‘p ishlaydi. Oldin mening qo‘limda ishlayotgandi-ku? Men ishchi yaratmayman, men ishchilarga ish beruvchi yarataman. Menejerlar yarataman, chiqaraman… Lekin Magic City`ni boshimni achitmasin deb, kamrog‘iga, zarariga berdim…Davlatda „Ortiqxo‘jayev 49 yil yashasin“ deb yozilmagan-ku?”, — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Sobiq hokim, shuningdek, Milliy bog‘da attraksionlar qurilishi rejalashtirilgan qismi prezident topshirig‘i bilan “sokin” joy sifatida qolganini ta’kidladi.

Shuningdek, u istirohat bog‘i yonida joylashgan Discover Invest ofisini 2013-yilda kimoshdi savdosida avvalgi egasidan 23−24 mlrd so‘mga sotib olganini ta’kidladi.

Jahongir Ortiqxo‘jayevning aytishicha, Magic City`ni tanqid qiluvchi ba’zi odamlar bu bog‘da kechki payt bolalari bilan sayr qiladi. Shuningdek, u parkka yiliga 2,3 mln, Tashkent city`ga 4,1 mln kishi kelganini ma’lum qildi.

“Nima qilamiz o‘zimizni o‘zimiz aldab, bu yomon deb? Fakt ko‘rsatib turibdi-ku? Balki sizga yoqmas, lekin boshqalarga yoqar”, — dedi u.

Ma’lumot uchun, Magic City istirohat bog‘i Milliy bog‘ hududida 2021-yil iyun oyida ochilgan. Loyiha investori Akfa tarkibiga kiruvchi Stargate Systems kompaniyasi hisoblanadi. Kompaniya 20,79 gektar park yerini 49 yillik ijaraga olgan.

Ustav kapitali 426,9 mlrd so‘m bo‘lgan Stargate Systems kompaniyasi ta’sischilari Tashkent Aquarium (86,2 foiz) va prezidentning sobiq maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovning (Jahongir Ortiqxo‘jayevning qudasi) o‘g‘li Alisher Abdujabarovich Abduvohidov (13,8 foiz) hisoblanadi. Alisher Abduvohidov esa Tashkent Aquarium (100 foiz), shuningdek, Artel Technical School va boshqalarga egalik qiladi.

Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda Tashkent Aquarium Stargate Systems MCHJning 99,9 foiz ulushini 371,4 mlrd so‘mga sotib olgan va bu o‘tgan yilning eng yirik bitimlaridan biri bo‘lgan.