Qozog‘iston parlamenti ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, oiladagi zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi, deb yozadi Tengrinews.kz.

Hujjatda, xususan, kaltaklash va qasddan badanga yengil shikast yetkazishni jinoiy javobgarlikka tortish taklif qilinmoqda. Hozirda ushbu moddalar uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, qonun loyihasiga quyidagilar kiritilmoqda:

  • oiladagi zo‘ravonlik to‘g‘risidagi mavjud ma’lumotlarga asoslanib jabrlanuvchining bayonotisiz sudga da’vo arizasi berish;
  • pedofillar uchun umrbod qamoq jazosi;
  • o‘z joniga qasd qilishga targ‘ib qilganlik yoki o‘z joniga qasd qilishga undaganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish;
  • har qanday vaqtda oldindan ogohlantirmasdan bolalar uchun maktab-internatlarni tekshirish.

Deputat va o‘zgartirishlar mualliflaridan biri Asxat Ayamagambetov avvalroq qonun loyihasida amaldagi qonunchilikka jami 40 ta o‘zgartirish kiritilganini ta’kidlagandi. Oilaviy zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirishni, shuningdek, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ham qo‘llab-quvvatlagan edi.

Tengrinews.kz. nashrining aniqlik kiritishicha, 2023-yilda Qozog‘iston huquq-tartibot idoralariga oilaviy zo‘ravonlik yuzasidan 99 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan, 69 nafar ayol va 7 nafar bola uning oqibatida halok bo‘lgan.