Shavkat Mirziyoyev 29-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ekologiya mavzusiga, xususan, havo ifloslanishiga to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda uning matbuot kotibi.

Davlat rahbari havo ifloslanishining oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan taklif va hisob-kitoblar qilinmayotgani bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar faoliyatidagi qoloqliklarni ko‘rsatib o‘tdi.

Shuningdek, yig‘ilishda transport tizimini raqamlashtirish, yo‘l qurilishi va ekspluatatsiyasiga xususiy sektorni jalb qilish, temiryo‘lda yuk tashish avtomobilga nisbatan 3 barobar ko‘p vaqt talab qilayotgani sanab o‘tildi.

Kompleks tarkibiga kiruvchi vazir va hokimlarning rejalari va natijalari sust bo‘lgan o‘rinbosarlari ishdan bo‘shatilib, ularga aniq KPI belgilanishi va shundan keyin bir yil muddatga shartnoma asosida ishga olinishi belgilandi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimlarida qurilish va kommunal xo‘jaligiga javob beradigan 1 nafar o‘rinbosar bo‘lishi qaror qilindi.

Yanvar oyi boshida Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida havo ifloslanishining asosiy omillarini sanab, vaziyatni yaxshilash bo‘yicha qator chora-tadbirlarni e’lon qilgandi. Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan muhokamada atmosfera havosining ifloslanishi mavzusi ekologik mavzudan ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan darajaga ko‘tarilib, mamlakatning barcha aholisi xavfsizligi va salomatligi bilan bog‘liqligi ta’kidlandi.

Bir necha kun oldin Ekologiya vazirligi “Gazeta.uz”ga Toshkent shahrida havo sifatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar loyihasi haqida ma’lumot bergandi. Issiqxona hamda zavodlarda chang-gaz filtrlarini o‘rnatish, Ai-80, IESlarda ko‘mir hamda mazutdan foydalanishni taqiqlash va boshqalar shular jumlasidandir.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda havo sifatiga oid milliy standartlar ishlab chiqilmoqda. JSST tavsiyalariga geografik va iqlimiy xususiyatlar tufayli erishish qiyin, hech bir mamlakatdagi ko‘rsatkichlar JSST standartiga muvofiq emas, deya ta’kidlagan Ekologiya vazirligi. Havo bilan bog‘liq kasalliklar bo‘yicha ham o‘rganishlar boshlangan.