Oliy Majlis Senati 20-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda qonun hujjatlariga ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan o‘zgartishlarni ma’qulladi.

Senatorlarning fikricha, ishlab chiqarish va urbanizatsiya ko‘lamlarining kengayishi atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Bugungi kunda favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga boshqa real xavf yuzaga kelishining oldini olish uchun qonunlarda atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatuvchi obyektlarning faoliyatini maxsus vakolatli davlat organlarining qaroriga ko‘ra cheklash yoki to‘xtatib turish mumkinligi nazarda tutilgan.

Biroq “boshqa real tahdid” tushunchasi umumiy tushuncha bo‘lib, amalda turlicha talqin qilinishiga va davlat organlarining diskretsion vakolatlari kengligi bilan bog‘liq korrupsiya holatlari paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Shu bois “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida"gi hamda “Ekologik nazorat to‘g‘risida"gi qonunlarga davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini cheklash yoki to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorlarni, birinchi navbatda, аҳолининг hayoti va sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelishining oldini olish zaruratini hisobga olgan holda qabul qilish asoslarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlarning fikricha, qonun ekologik vaziyatni yaxshilashga, aholining hayotiga va sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelishining oldini olishga, tadbirkorlik subyektlarini himoya qilishga, shuningdek, korrupsiya omillarini bartaraf etishga hamda vakolatli davlat organlarining mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Senat raisi Tanzila Narboyevaning so‘zlariga ko‘ra, atrof-muhitga oid qonunlar va qonun hujjatlarida “turlicha talqin qilinishi va qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan noaniq qoidalar” bo‘lmasligi kerak.

“Amalda bunday holat turli muammolar, tushunmovchiliklar, norozilik va eng yomoni, korrupsiya holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, ushbu tuzatishlar juda muhim. Chunki mamlakatimizda sanoatlashtirish darajasi yildan-yilga oshib bormoqda. Bunday sharoitda atrof-muhitga ta’sir ko‘lami ham ortadi. Ayniqsa, bugungi kunda Toshkent kabi yirik shaharlarimizda atmosfera havosining ifloslanishi me’yoridan oshib ketishining oldini olishda bunday aniq huquqiy me’yorlar muhim ahamiyat kasb etmoqda”, — dedi u.

Parlament yuqori palatasi rahbari Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish va ekologiya qo‘mitasiga davlat organlari bilan hamkorlikda, aholini keng jalb etgan holda “havoning ifloslanishi muammosini jiddiy hal etish” bo‘yicha topshiriq berdi.

Avvalroq Ekologiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlardan so‘ng korxonalar faoliyati to‘xtatilgan edi. Masalan, 2020-yilda havoni ifloslantirayotgan Andijon viloyatidagi sement zavodi ishi to‘xtatilgandi.

Yaqinda Ekologiya vazirligi havo sifati bilan bog‘liq muammo borligini rasman tan oldi va vaziyatni yaxshilash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni (ulardan ba’zilari aholi bilan muhokama qilinishi kerak) sanab o‘tdi. Deputatlar mamlakat va Toshkent havosining ifloslanishi haqidagi savollarga javob berishi uchun ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovni parlamentga taklif qilishga qaror qildi. Bu mavzu ekologiyadan butun xalqning xavfsizligi va salomatligi bilan bog‘liq ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan darajaga ko‘tarildi, dedi deputatlardan biri.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekistondagi sement zavodlari haqida keng material e’lon qilgan edi. 2024-yildan boshlab sement ishlab chiqaruvchilar uchun yer qa’ridan foydalanganlik solig‘i miqdori reja qilingani kabi 2 baravar emas, 4 baravarga pasaytirildi. Qaror iqtisodiy rag‘batlantirish deya izohlandi, ammo bu rag‘batning atrof-muhit va inson sog‘lig‘iga ta’siri atroflicha muhokama qilinmadi.