Robaxon Mahmudova “Adolat” sotsial demokratik partiyasi raisi etib saylandi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qildi.

20-yanvar kuni “Adolat” sotsial demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining plenumi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi Bahrom Abduhalimov o‘z arizasiga muvofiq, Siyosiy Kengash a’zolarining ochiq ovoz berish yo‘li bilan partiya Siyosiy Kengashi raisi lavozimidan ozod etildi.

Partiya raisligiga Mahmudova Robaxon Anvarovna nomzodi ko‘rib chiqilib, Siyosiy Kengash a’zolari tomonidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan saylandi.

Avvalroq u Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Robaxon Mahmudova 2023-yilgi prezidentlik saylovida “Adolat” partiyasidan nomzod sifatida ishtirok etgan. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, u 4,43 foiz ovoz yig‘ib, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyevdan keyin ikkinchi o‘rinni egallagandi.

Nomzod o‘z dasturida sudyalar sonini ko‘paytirish va ularning ixtisoslashuvini kengaytirish, advokaturani kuchaytirish, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatining eskirgan modelini o‘zgartirish, tibbiyotni dekommersializatsiya qilish tijoratdan va ajralishlarning oldini olish masalalarini ilgari surgandi.

Robaxon Mahmudova 2020-yil iyul oyidan O‘zbekiston Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari — ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi (saylov kampaniyasi va saylov davrida uning sudyalik vakolatlari to‘xtatib turilgan) lavozimida ishlab kelgan.

U 1958-yilda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi raisi, O‘zbekiston prezidentining Farg‘ona viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiri lavozimlarida ishlagan. U Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi ham bo‘lgan.