Samarqand viloyatida “Makarov” pistoletini sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.

DXX boshqarmasi viloyatning Jomboy tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi. Unda toshkentlik shaxs xaridorga 1 dona “Makarov” pistoleti va uning 96 dona o‘q-dorisini 10 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. U to‘pponchani 2000-yilda topib olgani, Samarqandga uni ko‘rsatish uchun kelganini bayon qildi.

самарқанд, тўрронча

Aniqlanishicha, fuqaro avval ham kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallagani va kontrabanda sabab sudlangan.

Holat ma’lum bo‘lgach, uning yashash xonadoni ham tintuv qilindi. Uydan foydalanishga yaroqli kalibri 5,6 mmli eski rusumdagi “Monte Kristo” to‘pponchasi, turli xil gilzalar, ov miltig‘i qismlari, o‘tkir tig‘li jismlar hamda boshqa ashyoviy dalillar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda mazkur shaxsga Jinoyat kodeksining 248-moddasi 3-qismi (O‘qotar qurol, o‘q-dorilarning qonunga xilof muomalasi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.