Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida ayrim jinoyatlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonun muhokama qilindi, deya xabar bermoqda yuqori palata matbuot xizmati.

Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 28-noyabr kuni birinchi o‘qishda, 12-dekabrda ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilingandi.

Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish bilan bog‘liq ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma kiritilmoqda.

Xususan, ma’muriy huquqbuzarlik natijasida aniqlangan uchuvchisiz uchadigan apparatlar davlat hisobiga musodara qilinishi, qonunga xilof ravishda harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, javobgarlikdan ozod qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Ushbu toifadagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilanmoqda.

Senatorlarning fikricha, qonunning amaliyotga tatbiq etilishi natijasida qonunga xilof ravishda ushbu ishni birinchi marta sodir etgan shaxslar uchun jinoiy javobgarlik emas, balki ma’muriy javobgarlik belgilanishi ushbu turdagi jinoyatlar ko‘payishini oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 244−4-moddasida belgilangan sanksiyalarga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda. Ya’ni shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, jinoiy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ma’lumot uchun, hozirda amaldagi qonunchilikka binoan uchuvchisiz uchish apparatlarini noqonuniy olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki foydalanish uchun faqat jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan (Jinoyat kodeksining 244−4-moddasi 1-qismi bilan — 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, og‘irlashtiruvchi holatlarda — 10 yilgacha).

Dronlar masalasi

2015-yilda mamlakatda dronlarni olib kirish va ulardan foydalanish to‘liq taqiqlangandi. 2018-yil may oyidan boshlab xorijiy ijodiy guruhlar tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida foto va video materiallar tayyorlash uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini, jumladan, dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berilgan.

2019-yildan esa uchuvchisiz uchish apparatlarini noqonuniy olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ishlatish uchun Jinoyat kodeksining 244−4-moddasi (majburiy deklaratsiya bilan tranzit o‘tkazish bundan mustasno) bo‘yicha jinoiy javobgarlik belgilangan.

2020-yil may oyida Andijonda dron yordamida video suratga olmoqchi bo‘lgan videooperatorga uch yillik shartli qamoq jazosi, bir yillik sinov muddati berilgan. Sobiq deputat Rasul Kusherbayev buni “yil jinoyati” deb atadi va uni jinoyat qonunchiligidan olib tashlash zarurligini aytgan.

2022-yil fevralida rossiyalik sayyohlik blogeri Maksim Limar Buxorodan Novosibirskka uchib ketayotganda qo‘lida kvadrokopter topilgani sababli qo‘lga olingan.

2022-yilning iyun oyida rossiyalik sayyoh Polina Ermakova chegarani kesib o‘tganidan bir necha kun o‘tib dron olib kirgani uchun Toshkentda ushlangan. Sud ayolni oqlagan, ammo dron undan olib qo‘yilgan.