Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayevning lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2024-yilda investitsiya, eksport va xalqaro hamkorlik sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Davlat rahbari tizimdagi muammolarni sanab o‘tdi. Kompleks rahbariyati so‘nggi olti yilda chetdan qariyb 50 milliard dollar investitsiya kirgani haqida ma’lumot berayotgani, lekin ushbu investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotga, qo‘shilgan qiymatga, eksportga ta’siri qanday bo‘lgani bo‘yicha tahlillar yetarli emasligi qayd etildi.

Masalan, o‘tgan yili yalpi ichki mahsulot ham, sanoat ham 6 foizga o‘sdi. Biroq, tovarlar eksportida kutilganidek o‘sish bo‘lmagani aytildi. Hududlarda esa moliyalashtirish to‘liq yakunlangan 8 trillion so‘mlik 1 mingta loyiha haligacha ishga tushmagan.

Mamlakat sertifikatlarini tan olish bo‘yicha haligacha birorta davlat bilan kelishuvga erishilmagan. Xalqaro moliya tashkilotlari bilan qiymati 480 million dollarlik 5 ta loyiha bo‘yicha kelishuv imzolanganiga 1−2 yil bo‘lgan bo‘lsada, o‘zlashtirish boshlanmagan. Yoki, ikki yil oldin tashkil qilingan To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasiga 1 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish bo‘yicha rejalar to‘liq amalga oshirilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu munosabat bilan kompleks uchun mas’ul bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev chorak yakunigacha o‘zgarish qilmasa, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Shuningdek, o‘z tizimidagi kamchilik va sustkashlik bo‘lgani uchun investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov va Texnik tartibga solish agentligi rahbari Dilshod Sattorovni lavozimidan ozod qilindi.