Prezident raisligida 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Hozirda meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti chegarada 4 ta idora, ya’ni, bojxona, karantin, SES va veterinariya organlari tomonidan nazorat qilinmoqda. Talab etiladigan barcha sertifikat va ruxsatnomalar esa to‘liq raqamlashgan, nazoratchi xodimlar hujjatlar bor-yo‘qligini tekshiradi, xolos. Shu sababli chegaradagi barcha nazorat funksiyalari Bojxona qo‘mitasiga o‘tkazilishi belgilandi.

Bundan tashqari, ikki yil oldin tovarlarni bojxona rejimida qayta ishlash bo‘yicha yangi tartib joriy qilingandi. Yig‘ilishda o‘tgan davrda 254 ta korxona ushbu tizimda ishlashni boshlagani natijasida 1,1 mlrd dollarlik eksport bo‘lgani ta’kidlandi.

Shundan 83 foizi Andijon, Buxoro, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahridagi tadbirkorlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Lekin Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Surxondaryo va Xorazmda bunday eksport 10 mln dollarga ham yetmagan. Prezident bu hududlar rahbarlari bojxona rejimida qayta ishlash hisobidan 500 mln dollardan eksportni ta’minlashi zarurligi ta’kidladi.

Qayd etilishicha, meva-sabzavot eksporti uchun xorijiy davlatlarning fitosanitar ruxsatlari olinganiga qaramasdan, ulardan to‘liq foydalanilmayapti. Masalan, Yaponiyaga 58 turdagi meva-sabzavotga fitosanitar ruxsat olingani bilan 52 turi bo‘yicha, Hindistonga 38 tadan 32 tasi, Pokistonga 22 tadan 18 tasi, AQShga 15 tadan 11 tasi bo‘yicha eksport amalga oshirilmagan.

Prezident, shuningdek, o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi va hokimlarning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘rtasida mahsulotlar eksportini tashkil qilish bo‘yicha hamkorlik yo‘qligi tanqid qildi. Endilikda agentlik nafaqat fitosanitar ruxsat olish, balki qishloq xo‘jaligi eksportini tashkillashtirish uchun ham mas’ul bo‘ladi.