Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot muammosini bugungi kunda eng dolzarb masala ekanini aytdi.

Davlat rahbari e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, xizmatlarda 140 trillion so‘m, qurilishda 50 trln so‘m, sanoatda 40 trln so‘m mahsulot “soyada” qolmoqda. Agar ular joyida bo‘lsa, bu orqali yalpi ichki mahsulotga 135 trln so‘m, davlat budjetiga esa 30 trillion so‘m miqdorida tushum qilish mumkin.

ish ўринлари, yashirin iqtisodiyot

27 mingta qurilish korxonasining 41 foizi yoki 10 947 mingtasi hisobotida faqat bir nafar ishchisini rasmiy xodim sifatida ko‘rsatgan bo‘lsa, shundan 2249 tasi Toshkent shahrida, 1087 tasi Toshkent viloyatida, 837 tasi Samarqand shahrida va hokazo. Ushbu korxonalar tomonidan o‘tgan yil davomida 4 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan.

“Hidoyatov (qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov — tahr.) va hokimlarning har birini bundan xabari bormi? Buni biladimi? Maktabni 5 milliard so‘mga qurmoqda, lekin hisobotda bor-yo‘g‘i 1 nafar ishchisiga oylik beryapti”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi BM Group qurilish korxonasi uch nafar rasmiy ishchi bilan umumiy qiymati 20 mlrd so‘mlik 62 xonadonli turar-joy obyekti qurib sotgan. “Mana haqiqiy ahvol, janob Hidoyatov”, — dedi u.

Har birida 25 gektar yerga ega 5 mingta meva-sabzavotchilik fermer xo‘jaligida ham 1 nafardan rasmiy ishchi ko‘rsatilgan. Davlat rahbari viloyat hokimlari, prezident maslahatchisi o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev va Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovga 15 kun muddatda fermer xo‘jaliklarini tahlil qilib, bir tumanni namuna qilib, hisobot taqdim etishni topshirdi.

Bugungi kunda 5 millionga yaqin aholi norasmiy sektorda faoliyat yuritmoqda, ularga oylik berayotgan tadbirkorlar soliq to‘lamaydi, dedi prezident.

“Bir narsani aniq tushunishimiz zarur. Yashirin iqtisodiyot, avvalambor, to‘g‘ri ishlayotgan tadbirkorlar faoliyatiga katta to‘siq bo‘lyapti. Bugun kunda intizomli tadbirkorlar: „Qani adolatli raqobat?“, degan haqli e’tirozini bildiryapti”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avvalroq O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tahlil, tezkor-qidiruv, taftish va o‘zi tergov qiladigan idoraga aylanishi haqida xabar berilgandi.

Departament huzurida Ilmiy-tahliliy va o‘quv markazi ochiladi. Markaz yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab, ilg‘or xorijiy tajriba asosida takliflar ishlab chiqadi, tizim xodimlarini iqtisodiy jinoyatlarni aniqlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitadi.

Shu bilan birga, Bosh prokuraturada ham yashirin iqtisodiyot bo‘yicha alohida boshqarma va uning hududiy bo‘limlari tashkil qilinadi.

2023-yilning dekabr oyida bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov qurilish sohasida ish o‘rinlarini qonuniylashtirish uchun 1-apreldan ayrim obyektlarni qurish uchun zarur bo‘lgan ishchilar soni me’yorini joriy etish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu birinchi bosqichda davlat budjetidan moliyalashtiriladigan qurilishlarga qo‘llaniladi.

Shuningdek, 1-martdan boshlab tadbirkorlarning barqarorlik reytingi yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. U elektron shaklda bo‘ladi va yuqori reytingga ega tadbirkorlarga qator imtiyoz hamda preferensiyalardan foydalanish imkonini beradi. Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun barcha soliq tekshiruvlari bekor qilinadi, qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bir kun ichida, boshqa soliq turlari bo‘yicha ortiqcha to‘lovlar uch kun ichida qaytariladi. Tovarlarni import qilish va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini bojxona va soliq organlarida o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi.

“To‘g‘ri ishlayotgan, tushumlarini to‘liq ko‘rsatib, soliqlarini o‘z vaqtida to‘layotgan tadbirkorlar bir narsadan xotirjam bo‘lsin. Bunday tadbirkorlarni biz har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz”, — dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil yozida O‘zbekistonda “Korrupsiyasiz soha” loyihasi ishga tushirilgandi. Birinchi bosqichda u kapital qurilish va oliy ta’lim sohalarini qamrab olishi, 2020-yil 1-apreldan boshlab loyihani boshqa yo‘nalishlarda ham bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgandi.