Favqulodda vaziyatlar vazirligi 16-yanvar kuni Rossiyaning Samara viloyatida yuz bergan yo‘l-transport hodisasida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lganini tasdiqladi.

Yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan Lada Largus avtomashinasi salonidagi yana to‘rt nafar o‘zbekistonlik turli jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizilib, davolanmoqda.

Favqulodda vaziyatlar, Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash va Transport vazirliklari, shuningdek, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan “vafot etgan va jabrlangan fuqarolarimizni vatanga olib kelish yuzasidan kerakli barcha zarur choralar ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 11-yanvar kuni ham Penza viloyatida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida halokatli YTH sodir bo‘lgan edi. Yetti kishi, jumladan haydovchi voqea joyida, yana bir jabrlanuvchi reanimatsiyada vafot etgan. Jarohat olganlardan biri shifoxonada qolmoqda. Barcha halok bo‘lganlarning jasadlari o‘tgan dam olish kunlari Mudofaa vazirligi Harbiy-havo kuchlarining harbiy-transport samolyoti bilan Urganchga keltirilgan.