Prezident 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida budjet mablag‘larining sarflanishi haqida gapirib, iqtisod qilish ish hajmini qisqartirish emas, loyihani to‘g‘ri qilish, “shishirilgan” xarajat va ortiqcha hashamatni kesish hisobidan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, sog‘liqni saqlash tizimiga kompyuter olish uchun ajratilgan 20 mlrd so‘m 2 yildan beri ishlatilmagan. Fermer, dehqon va tomorqa yer egalariga 51 turdagi subsidiyalar uchun so‘nggi ikki yilda 5,4 trln so‘m ajratilgan, lekin talablar murakkab bo‘lgani uchun 15 turdagi subsidiya ikki yil davomida hech kimga berilmagan.

Prezident qurilishda xarajatlarni 30−40 foizga qisqartirish lozimligiga ham to‘xtalib o‘tgan. Bu borada loyiha institutlari faoliyati, yondashuvlari va mas’uliyatini tubdan o‘zgartirish kerakligi qayd etilib, Vazirlar Mahkamasiga yetakchi davlat loyiha tashkilotlarini takomillashtirish bo‘yicha qaror kiritish topshirig‘i berildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, 2023-yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qilgani ma’lum qilindi. “Zamonga munosib fikrlash, qaror qabul qilishda tezkorlik yetishmayotgani” sabab hukumatning iqtisodiy kompleksdagi o‘rinbosarlar sonini 15 foizga (hozir ular 40 nafar) qisqartirish to‘g‘risida topshiriq berildi.

Bundan tashqari, iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etilishi ma’lum qilindi. Ish haqi ham ularning ijrosiga bog‘lanadi.

Shavkat Mirziyoyev 2024-yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishini ta’kidladi.