O‘zgidromet agentligi matbuot xizmati 15−19-yanvar kunlari kutilayotgan ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.

Dushanba kuni O‘zbekiston hududiga nam va nisbatan sovuq havo massalari kirib keldi, respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, tog‘li hududlarda qor yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi.

Cho‘l hududlarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kunduzi -3 daraja sovuq…+2 daraja iliqni, shimolda −3…−8 daraja sovuqni tashkil etadi.

Seshanba kuni respublikaning faqat markaziy, sharqiy va tog‘li hududlarida yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi biroz yog‘ingarchilik bo‘lishi saqlanib turadi. O‘zbekistonning qolgan hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Ko‘pchilik hududlarda havo harorati kechasi 0…-5 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi +2…+7 daraja iliqni tashkil etadi, shimolda kechasi −8…−13 daraja sovuq, kunduzi 0…-5 daraja sovuq bo‘ladi.

15−16-yanvar kunlari Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor. O‘zbekiston bo‘yicha ish haftasining oxirigacha quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, havo harorati kechalari -3 daraja sovuq…+2 daraja iliqni tashkil etadi, kunduz kunlari +8…+13 daraja iliqqacha asta-sekin ko‘tarilishi kutilmoqda.

Poytaxtda 15-yanvar kuni vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Shamol g‘arbdan 3−8 m/s tezlikda esadi. Harorat -1 daraja sovuq…+1 daraja iliq bo‘ladi.

16-yanvarda vaqti-vaqti bilan biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi kutilmoqda. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi −1…−3 daraja sovuq, kunduzi +2…+4 daraja iliq bo‘ladi.

17−18-yanvar kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Havo harorati 17-yanvarda kechasi −1…−3 daraja sovuq, kunduzi +6…+8 daraja iliq, 18-yanvarda kechasi -1 daraja sovuq…+1 daraja iliq, kunduzi +8…+10 daraja iliq bo‘ladi.